Noutbukda kafolat muddati ichida nuqson chiqdi

Noutbukda kafolat muddati ichida nuqson chiqdi

O‘zbekiston tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumanning Tagob mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi I.X. dan kelib tushgan murojaat o‘rganildi. Murojaat muddatli to‘lov asosida sotib olingan noutbukda chiqqan nuqson hamda nuqsonli tovarni shunga mas’ul tashkilot tomonidan ta’mirlab, soz holatga keltirib berish ishlari paysalga solinayotgani haqida.

Ma’lum bo‘lishicha, “Lenovo” rusumli noutbuk Qo‘qon shahrida joylashgan savdo do‘konlarining biridan muddatli to‘lov shartlarida, 7800000 (etti million sakkiz yuz ming) so‘mga xarid qilingan. Lekin oradan muayyan vaqt o‘tgach noutbukda nuqsonlari kuzatilib, u yaxshi ishlamay qoladi. Iste’molchi bu haqda sotuvchiga murojaat qilib, tovardagi kafolat muddati ichida yuzaga kelgan nuqsonlarni bepul bartaraf etib berilishini so‘ragan. Sotuvchi tomonidan nuqsonli tovar olib qolingan, lekin ehtiyot qismlar yetib kelmayotganligi vaji bilan uni tez muddatlarda ta’mirlab, soz holatga keltirib berish ishlari cho‘zilib ketgan.

Murojaatni o‘rganish jarayonida sotuvchiga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun tegishli moddalari bo‘yicha iste’molchining huquqlari, sotuvchining majburiyatlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada tovardagi nuqsonlarni tez muddatlarda bartaraf etib berilishiga erishildi.

Murojaati tez muddatlarda o‘rganib chiqilishi va ijobiy hal etib berilishidan xursand bo‘lgan iste’molchi tuman jamiyati nomiga yozgan minnatdorchilik xatida noutbukni soz holatga keltirib berilganligini ma’lum qildi.

Muzaffar Jurayev
O‘zbekiston tuman jamiyati raisi

Post Comment