Navbatdagi “NNTlar maktabi” mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi
“Yuksalish” umumilliy harakati tashabbusi bilan yurtimizda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining huquqiy bilim va kasbiy mahoratlarini oshirish maqsadida har yili “NNTlar maktabi” loyihasi amalga oshirib kelinmoqda.
Umummilliy harakatning Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan yo‘lga qo‘ygan hamkorligi joriy yilgi “NNTlar maktabi”da xorijlik mutaxassis trenerlar ham qatnashib, o‘zlarining sohaga oid bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashishiga imkoniyat yaratib berdi. Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan “Edelweiss” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida tashkillangan bu yilgi o‘quv mashg‘ulotlarida respublikamizning turli viloyatlaridan 20 ta nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari qatnashib, o‘zlarinig sohaga oid bilim va malakalarini oshirdilar.
Besh kunlik o‘quv mashg‘ulotlari davomida tadbir ishtirokchilariga “Koreya nohukumat tashkilotlarining rivojlanish bo‘yicha xalqaro hamkorlik kengashi” (KSOS) siyosiy markazi direktori Djein Shin xonim, Koreyaning «Global Civic Sharing» (GCS) ijrochi direktori janob Xyondju Cho tomonidan o‘z mamlakatlari tajribasi misolida NNTlarni tashkil qilish, ularning mahalliy hokimiyat idoralari, shuningdek Hukumat bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘luvchi qonunchilik, xalqaro tashkilotlar bilan ishlash malakasini shakllantirish, donorlarni jalb qilish va boshqa shu kabi dolzarb masalalardagi qiziqarli treninglar o‘tkazildi.
Shuningdek, mashg‘ulotlar davomida har bir ishtirokchi, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda, o‘z tashkiloti faoliyatini boshqalarga tanishtirishi uchun prezentasiyalar o‘tkazishi, muammoni qo‘yish va unga jamoaviy yechim topish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mahoratlarini shakllantiruvchi amaliy mashg‘ulotlar, xorijlik trenerlar bilan mashg‘ulotlardan keyingi yuzma-yuz muloqotlar, Adliya vazirligi, NNTlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat fondi vakillari bilan uchrashuvlar, ishtirokchilarning olingan bilimlarni amaliyotga qo‘llash bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan ishlari rejasi (action plan)ni ishlab chiqishi, qo‘yingki qiziqarli va tig‘iz jadval asosida tashkillangan barcha-barcha tadbirlar o‘z ko‘zlagan maqsadiga erisha oldi, deyish mumkin.
G‘ayrat Mamatqulov
Hududiy birlashma Axborot xizmati rahbari, tadbir ishtirokchisi
Post Comment