Farg‘onada iste’molchilar xalqaro tashkilotini tuzish ishiga tamal toshi qo‘yildi
Kishilik jamiyatida insonning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar iste’molchi ekani hamda dunyoda iste’molchilik ijtimoiy harakatining keng quloch yoyganligi nazarda tutilsa, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o‘z faoliyatida xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratib kelayotgani bejizga emasligini anglash mumkin. Bugungi kun talablari va yuzaga kelgan sharoit bu boradagi ishlarni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishni, xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilashni taqozo qilmoqda.
Albatta, bu ishlarning zamirida xalqimizning butunjahon iste’molchilik ijtimoiy harakatida munosib ishtirok etib borishi hamda bu borada ilg‘or bo‘lgan davlatlar tajribasidan foydalangan holda yurtimizda sohani yanada rivojlantirish kabi ezgu maqsadlar yotadi. Qozog‘iston Iste’molchilar milliy ligasi vakillarining yurtimizga tashrifi ham ana shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning bir ko‘rinishidir, desak mubola bo‘lmaydi.
Avvalroq xabar berganimizdek, Qozog‘iston Iste’molchilar milliy ligasining tashkilot boshqaruvi raisi Svetlana Romanovskaya boshchiligidagi delegasiyasi yurtimizga tashrif buyurib, mehmonlar Samarqand va Namangan shaharlarida bo‘lishgan hamda yuqoridagi hududlarning ishlab chiqarish, eksport, turizm salohiyati bilan yaqindan tanishgan edilar.
Samarqand shahrida Federatsiyaning mazkur viloyatga chegaradosh viloyatlardagi hududiy ijro etuvchi apparatlari rahbarlari ishtirokida “Samarqandning turizm salohiyatini yanada oshirishda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikning o‘rni va ahamiyati” mavzusida davra suhbati ham o‘tkazilgan edi. Tadbir doirasida mamlakatimizda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik, shuningdek iste’molchilik ijtimoiy harakatini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr va mulohazalar almashilib, Qozog‘istonlik qardoshlarimizning bu borada amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan tajribalari o‘rtoqlashildi.
Shundan so‘ng qozog‘istonlik hamkasblarimiz Namangan viloyatida bo‘ldilar. Bu yerda ular tekstil’ sohasida yutuqlarga erishayotgan sanoat korxonalarida bo‘lishib, mazkur korxonalarda tashkil qilingan ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Namanganning diqqatga sazovor joylari hamda turizmni rivojlantirish imkoniyatlari ularda katta taassurotlar qoldirdi.
Mehmonlarning Farg‘ona viloyatiga tashrifi Marg‘ilon shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Atlas bayrami» milliy matolar festivali kunlariga to‘g‘ri kelgani ham ayni muddao bo‘ldi. Ular dastlab shahardagi «Yodgorlik» fabrikasi faoliyati bilan tanishgach, Erkin Vohidov nomidagi ijodkorlar bog‘ida tashkillangan festival tadbirlarida ham qatnashdilar.
Kunning ikkinchi yarmida Farg‘ona shahrida Federatsiyaning vodiy viloyatlaridagi hududiy ijro etuvchi tashkilotlari rahbarlari ishtirokida «Markaziy Osiyoda iste’molchilar xalqaro tashkiloti faoliyatini tashkil etish istiqbollari» mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida Markaziy Osiyo hududida iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarning boshini bir joyga qovushtirib, ularning manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari suruvchi tashkilot – hozircha shartli nomi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari xalqaro assosiasiyasini tuzish masalalari muhokama qilindi. E’tiborlisi, mazkur xalqaro tashkilotga a’zolikning nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlarning tashkilotlari uchun, balki boshqa mintaqalarda joylashgan davlatlar tashkilotlari uchun ham ochiq bo‘lishidadir. Bular, albatta, kelgusidagi rejalar.
Lekin hozirda bu xayrli ishning biz uchun eng muhim jihatlaridan biri, bu qo‘shni, qardosh xalqlarning bugungi kunning dolzarb muammolarini hal qilish yo‘lida yanada yaqinlashib, birlashib harakat qilishga intilayotganidir. Bizni quvontiradigan yana bir jihati esa ushbu xayrli ishga tamal toshi aynan Farg‘onada qo‘yilayotganida.
Mehmonlar ertaga Oltiariqda uzumchilik va meva-sabzavotlarni saqlash faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ishlar, shuningdek rishtonlik usta kulollarning faoliyati bilan tanishish asnosida tashrif yakunlari bo‘yicha masalalarni muhokama qilish uchun Toshkent shahriga yo‘l oladilar.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Post Comment