Zarur iste’mol xossasiga ega bo‘lmagan tovarning puli qaytarildi

Zarur iste’mol xossasiga ega bo‘lmagan tovarning puli qaytarildi

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Toshloq tumanilik O. Ashurova shahrimizdagi «Ipakchi buyum bozori»dan sotib olgan kondisionerning talab darajasida ishlamaganligi holati yuzasidan murojaati o‘rganildi.

Iste’molchiga ko‘ra, u 16 noyabr kuni buyum bozoriga kondisioner xarid qilish uchun borgan. Bu yerda o‘ziga biroz tanish bo‘lgan tadbirkor A. O. tomonidan sotilayotgan «Avalon» markali kondisionerni ma’qul ko‘rib sotib olmoqchi bo‘lganida, sotuvchi unga hozir «Artel» markali kondisionerlarga aksiya ketayotganligini, qolaversa narxi ham arzonroqligini aytib, shulardan birini xarid qilishni tavsiya qilgan. Xaridorni narxlardagi tafovut ham qiziqtirgani bir bo‘lganu, sotuvchining “javob beraman, ishlamasa olib kelaverasiz” degan va’dasiyam dalda bo‘lib, «Artel» markadagi kondisionerni, xonadoniga o‘rnatib berish sharti bilan, 5 mln so‘mga sotib oladi. Lekin xonadonga o‘rnatilgan kondisioner uyni isitish o‘rniga faqat sovuq havo haydayvergach, iste’molchi sotuvchi bilan bog‘lanib, kondisioner yaxshi ishlamayotganini, faqat sovuq havo haydayotganini tushuntiradi. Sotuvchi xonadondagi elektr toki quvvatining yetarli darajada ekanligini bilish maqsadida elektr ustasini yuboradi. Usta kondisonerning to‘la quvvat bilan ishlashiga elektr toki quvvati pastlik qilayotganligini aytgach, iste’molchi sotuvchidan kondisionerni «Avalon» markalisiga almashtirilishini so‘raydi. Lekin sotuvchi orada narxlar oshib qolganligini vaj qilib, almashtirib berish ishlarini paysalga solgan. Iste’molchi u holda pulini qaytarilishini talab qiladi va o‘rtada kelishmovchilik yuzaga keladi.

«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasi talablaridan kelib chiqilsa, ushbu holatda iste’molchiga tovar haqida yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilganligi pastroq elektr toki quvvati sharoitida to‘laqonli ishlay olmaydigan kondisioner sotib olinishiga sabab bo‘lgan. Bunday holatda esa iste’molchi zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinganligi vaji bilan, shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir.

Iste’molchining shahar jamiyatiga qilgan murojaatini o‘rganishda qonunning mazkur talablari bo‘yicha sotuvchiga tushuntirishlar berildi. O‘rganish yakuni bilan esa, zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovarning iste’molchi xonadonidan olib ketilib, unga bunday tovar uchun to‘langan 5 mln so‘m pulini qaytarilishiga erishildi.

Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi

Post Comment