Iste’molchi talabi qanoatlantirildi
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan D.Nishonova iste’molchi sifatida huquqlarini himoya qilib berishlarini so‘ragan.
Murojaatchiga so‘zlariga ko‘ra, «C.A.»MChJga qarashli savdo do‘konidan «Elite» markali muzlatgichni 4 mln 200 ming so‘mga xarid qilib olgan. Muzlatgichni uyga keltirilib, undan 3-4 kun foydalanish jarayonida uning sovutish funksiyasi lozim darajada ishlamayotganligini sezgach, sotuvchiga o‘z e’tirozlarini bildirgan va qonuniy talablarini qo‘ygan. Lekin uning talablari bajarilmagach, Federatsiya a’zosi sifatida o‘z iste’molchilik huquqlari himoya qilinishini so‘rab tuman jamiyatiga murojaat qilgan.
Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasiga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati mobaynida tovar (xizmat)ning normal ishlashini (qo‘llanilishini, ulardan foydalanilishini) ta’minlashi shart. Ushbu qonunning 13-moddasiga ko‘ra esa, iste’molchiga sotilgan tovarda nuqsonlar aniqlangan taqdirda iste’molchi shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash, ya’ni tovar uchun to‘langan pulni qaytarish talabini qo‘yishga haqlidir.
Iste’molchining yuqoridagi huquqlaridan kelib chiqqan holda, tuman jamiyati mutaxassislari sotuvchi bilan tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib bordilar. Sotuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga ko‘ra, nuqsonli tovar sotuvchiga, uning uchun to‘langan pul summasi esa iste’molchiga qaytarildi.
Shoxistaxon Raximova
Toshloq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment