Hududiy birlashma tashabbusi bilan brifing hamda yana bir dolzarb mavzuda seminar o‘tkazildi

Hududiy birlashma tashabbusi bilan brifing hamda yana bir dolzarb mavzuda seminar o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi va Farg‘ona viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan media tadbirlar rejasi asosida Farg‘ona shahridagi “NNTlar uyi”da NNTlar vakillari, Federatsiya tizimida mehnat faoliyati olib boryotgan xodimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida «O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari jamiyatlari federatsiyasining Farg‘ona viloyatidagi hududiy tuzilmalarini adliya boshqarmasida hisob ro‘yxatidan davlat ro‘yxatiga o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar» mavzusida brifing tashkillandi.

Tadbirda viloyat Adliya boshqarmasi, Raqobat boshqarmasi, NNTlar assosiasiyasi viloyat bo‘linmasi rahbar va mas’ul xodimlari ham kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdilar.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish harakati 1996 yil yil 26 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 30 – moddasiga muvofiq, 1997 yilda O‘zbekiston aholisini sifatsiz mahsulot va xizmatlardan himoya qilishga o‘z ulushini qo‘shish va o‘z imkoniyatlarini birlashtirishga qaror qilgan bir qator hamfikrlar tashabbusi bilan, poytaxtimizning Shayxontohur tumanida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ijtimoiy harakati O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati shaklida tashkil topdi va 1999 yili Respublika iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu vaqtda respublikamizning 7 ta viloyatida hududiy jamiyatlar tashkil topdi. 2000 yil O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining navbatdan tashqari II s’ezdida jamiyatga O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi nomi berildi. Bu vaqtda 9 ta viloyat va Toshkent shahrida jamiyatlar tashkil etilgan edi.

Faol iste’molchilarning sa’y-harakatlari tufayli ushbu jamoat tashkilotiga davlat tarafidan alohida e’tibor berilib, qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2002 yil 28 noyabrda «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 414-sonli qarorining qabul qilinishi mazkur ijtimoiy harakat taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Shu bilan birga, mazkur qaror bilan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlarining tashkiliy tuzilmasi hamda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi ma’qullandi. 2003 yil 17 yanvardagi federatsiyaning III ta’sis konferensiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Federatsiyasi, Toshkent shahri hamda respublikaning 12 ta viloyatidagi hududiy birlashmalarni birlashtirdi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Federatsiya va uning hududiy tashkilotlari 2023 yilga qadar yagona Ustav asosida faoliyat ko‘rsatib keldi. Bu esa Federatsiyaning Adliya vazirligidan davlat ro‘yxatidan, viloyat hududiy birlashmalari va tuman (shahar) jamiyatlarini esa adliya boqsharmalaridan hisob ro‘yxatidan o‘tib faoliyat ko‘rsatib kelganligini anglatadi. Keyingi yillarda mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan yurtimizda nodavlat notijorat tashkilotlarini hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning emin-erkin faoliyat ko‘rsatishlari uchun tegishli sharoitlarni yaratib berish hamda bu boradagi qonunchilik bazasini mustahkamalash borasidagi tashabbuslari va sa’y-harakatlari ortidan bu borada bir qator qonunlar va qonunosti hujjatlari qabul qilindi.

Shunday hujjatlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 03.03.2021 yildagi “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5012-son qaroridir. Ushbu qarorning 1-bandi to‘rtinchi xatboshisi bilan nodavlat notijorat tashkilotining alohida bo‘linmasi yuridik shaxs hisoblanishi, bunda alohida bo‘linmalarni hisobga qo‘yish tartibi bekor qilinishi belgilab qo‘yildi. Shundan kelib chiqqan holda, Federatsiya Kengashining 2023 yil 20 yanvardagi 1/23-sonli Majlisida Federatsiyaning barcha hududiy tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan davlat ro‘yxatiga o‘tkazish bo‘yicha ishlarni tashkillash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Federatsiyaning 14 ta ma’muriy-hududiy birlikdagi hududiy birlashmalari qatori Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tizimida ham Federatsiya Kengashi qarori asosida hududiy birlashmani hamda tizimdagi 19 ta tuman va shahar jamiyatlarini davlat ro‘yxatiga o‘tkazish uchun, Federatsiya Ustavi asosida hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlarining nizomlarini ishlab chiqildi. Shu va boshqa talab qilinadigan hujjatlar jamlamasi viloyat adliya boshqarmasi taqdim qilingach, 2023 yilning may oyi holatiga to‘lig‘icha davlat ro‘yxatidan o‘tish ishlari yakunlandi hamda adliya boshqarmasidan davlat ro‘yxatidan o‘tganligini tasdiqlovchi guvohnomalar olindi.

Tashkilotlarimizni davlat ro‘yxatidan o‘tganligi esa bugungi kunda ularga davlat grantlarini, ijtimoiy buyurtma va subsidiyalarini olish imkoniyatlarini yaratib berdi.

Brifingdan so‘ng, tadbir doirasida ishtirokchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 oktyabrdagi «Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-411-sonli qarori mazmun-mohiyati yuzasidan seminar o‘tkazildi. Seminar ishida O‘zbekiston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi mas’ul xodimlari ma’ruza bilan ishtirok etdilar.


Ma’ruzachi tomonidan ta’kidlandiki, mazkur qarorning 5-banliga ko‘ra, dori vositalarining chakana savdosida jamoatchilik nazoratini joriy etish maqsadida 2023 yil 1 maydan boshlab:

– jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan dori vositalari uchun dorixonalar tomonidan taqdim etiladigan xarid chekining fiskal belgisi matrisali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda dori vositalari narxlari Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining axborot tizimidagi dori vositalarining chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtiriladi;

– matrisali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash natijasida dori vositalarining chakana narxlariga belgilangan ustamalar oshirib qo‘llanilganligi aniqlangan taqdirda, tegishli chora ko‘rish uchun bu haqida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish uchun maxsus vakolat berilgan davlat organiga avtomatik ravishda xabar yuboriladi;

– xarid cheki bo‘yicha narx dori vositasining chakana referent narxidan ortiq deb topilganda, ushbu ma’lumot asosida o‘tkazilgan tekshirish yakuniga ko‘ra huquqbuzardan belgilangan tartibda jarima undiriladi.

Bunda, xarid chekida sotib olingan dori vositalari va tibbiy buyumlarning to‘liq miqdorda ko‘rsatilmasligi savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish sifatida e’tirof etiladi.

Seminarda so‘z olganlar mazkur qaror ijrosini ta’minlash va sohada jamoatchilik nazoratini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, ushbu jarayonda NNTlarning tutgan o‘rni va roli, qaror ijrosini ta’minlash ishida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash masalalarida o‘zaro fikr va mulohazalar almashdilar. Tadbir yakunlariga ko‘ra esa, viloyatdagi davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida bu borada yaqindan hamkorlik olib borishga kelishib olindi.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

Suratlarni O‘zA fotomuxbiri Muqimjon Qodirov olgan

Post Comment