Iste’molchining qonuniy talabini sotuvchi tomonidan bajarilishi ta’minlandi
Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi” qonunning 14-moddasida nuqsonli tovarni almashtirib berish tartibi, 15-moddasida esa tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish tartibi belgilangan. Iste’molchi ushbu moddalarda belgilangan tartiblarning mohiyatini to‘g‘ri anglab olsa, kundalik hayotda quyida keltirilayotgan shu kabi muammoga duch kelganida asqotib qolishi turgan gap, albatta.
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Yozyovon tumani Qumariq mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi S. Q.ning qilgan murojaati aynan kafolat muddatida aniqlangan nuqsonni bepul bartaraf etib berilishini yoki bo‘lmasa tovarni almashtirilishi yuzasidan sotuvchiga qo‘ygan talabining bajarilmaganligi xususidadir.
Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi joriy yilning 3 aprel kuni Toshloq tumanida joylashgan “Garant” kredit savdo do‘konidan, kafolati muddati uch yil qilib belgilangan, “ART ND-341” rusumli muzlatkichni, tovar qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan, 4 mln 720 ming so‘mga xarid qiladi. Biroq muzlatgich xonadonga keltirilgach uning asosiy eshigi yaxshi (zich) yopilmasligi, bu esa uning to‘laqonli ishlashiga to‘sqinlik qilishi ma’lum bo‘ladi. Iste’molchi holat bo‘yicha do‘kon ma’muriyati bilan bog‘lanib, yangi xarid qilingan muzlatgichda kafolat muddatida yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf qilib berishlarini yoki boshqasiga almashtirib berishlarini talab qiladi. Bundan natija chiqara olmagach nuqsonli tovarni do‘konga olib ham keladi, shunda ham natija chiqara olmagach, qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqarishida amaliy yordam ko‘sratishlarini so‘rab tuman jamiyatimizga murojaat qiladi.
Yozma murojaat tuman jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganilishi davomida do‘kon mas’ullari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari yakunlari bilan iste’molchining qonuniy talabini bajarilishiga hamda aniqlangan nuqsonni do‘kon tomonidan bepul bartaraf etib berilishiga erishildi.
Shohistaxon Raximova,
Toshloq tuman jamiyati mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment