Hisoblangan qarzdorlik asossiz bo‘lib chiqdi
Dang‘ara tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Katta Aravon qishlog‘ida yashovchi A.S.ning ichimlik suvi yetkazib beruvchi korxona bazasida o‘z shaxsiy hisob raqamida asossiz qarzdorlik turganligi va uni mas’ullar tomonidan bartaraf qilinmay kelayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.
Murojaat egasiga ko‘ra, u xonadonidagi iste’mol qilingan ichimlik suvi uchun to‘lovlarni amalga oshirib keladi. Xususan u o‘tgan yilning avgust oyida 176 000 so‘m oldindan to‘lovni amalga oshirib, xonadondagi suv hisoblagich ko‘rsatkichlari bo‘yicha olinganda, hali ham o‘sha miqdordagi suv iste’molini amalga oshirmagan bo‘lsada, undan korxona 206 823 so‘m miqdoridagi qarzdorlikni bartaraf qilinishini talab qilib kelmoqda. Holatga oydinlik kiritib, amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish ishlari davomida iste’molchi tomonidan keltirilgan vajlarning asosli ekanligi, fuqaro tomonidan to‘langan to‘lovlar hisoblagich ko‘rsatkichining 933 metr kubiga qadar amalga oshirilganligi, joriy yilning 1 avgust holatiga unda qarzdorlik mavjud emasligi «Farg‘ona suv ta’minoti» MChJning Dang‘ara tuman bo‘limidan olingan ma’lumotnoma bilan ham tasdig‘ini topdi. Qarzdorlik ko‘rsatkichlarni bazaga noto‘g‘ri kiritilishi oqibatida kelib chiqqanligi kuzatilib, qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirildi va uni tegishli dalolatnoma asosida fuqaroning abonent raqamidan chiqarilishi chora-tadbirlari ko‘rildi.
Raufjon Tuychiyev,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi
Post Comment