Sifatsiz tayyorlangan buyurtmadagi kamchiliklar to‘g‘rilandi

Sifatsiz tayyorlangan buyurtmadagi kamchiliklar to‘g‘rilandi

Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Cho‘liguliston» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi S.A.ning buyurtma qilingan eshik-romlarni ijrochi tomonidan sifatsiz tayyorlangani borasidagi murojaati o‘rganildi.

Murojaatchiga ko‘ra, u tumanning «Suvliariq» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyatini olib borayotgan yakka tartibdagi tadbirkorga 1 dona eshik hamda 3 dona rom tayyorlab berishi uchun buyurtma beradi. Iste’molchi buyurtmaning to‘liq qiymati bo‘lgan 3 mln 150 ming so‘mni 100 foiz oldindan to‘laydi. Buyurtma kelishilgan kunda tayyor bo‘lib, ijrochining vakili tomonidan xonadonga keltirilganida, eshik va romlar buyurtma berish vaqtida iste’molchi tomonidan tanlangan rang va sifatda emasligi ma’lum bo‘ladi. Iste’molchining bu borada sotuvchi vakili va ijrochiga bildirgan e’tirozlari esa e’tiborsiz qoldiriladi. Shundan so‘ng iste’molchi tuman jamiyatiga murojaat qilib, o‘zining qonuniy huquqlari ro‘yobga chiqarilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.

Murojaatni o‘rganish davomida iste’molchining e’tirozlari o‘rinli ekanligi isbotini topgach, ijrochiga amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari, xususan, qonunning 19-moddasiga ko‘ra, ijrochi tomonidan ishlarni bajarish qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ish bajarilmasligi, bunday holatlarda iste’molchining huquqlari, qonun talablarini buzilishi natijasida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar yuzasidan tushuntirishlar berilgach, buyurtma qaytadan bajarilishiga va iste’molchi tanlagan rang va sifatdagi eshik-romlar unga yetkazib berilishiga erishildi. Shuningdek, tadbirkor o‘z ish faoliyatini asosan og‘zaki kelishuvlar asosida olib borayotganligi kuzatilib, unga iste’molchilar bilan yozma shartnomalar, hech bo‘lmaganda maxsus tayyorlangan buyurtma blankalari asosida buyurtmalarni qabul qilib olishning afzallik tomonlari ham tushuntirib o‘tildi.

Shavkatjon Saidov,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)

Post Comment