Ikki hamkasb o‘rtasiga nizo solgan masala hal etildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shahardagi tashkilotlardan birida mehnat faoliyati olib boruvchi A.I.ning hamkasbi K.X. uning nomiga katta miqdorda kredit rasmiylashtirib olib, to‘lamasdan kelayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, shu yilning iyul oyi o‘rtalarida murojaat egasi A.I.dan hamkasbi K.X. qarzga 1 000 000 so‘m pul berib turishini so‘raydi, u puli yo‘qligini aytganida esa buning yo‘li borligini aytib, uni avval onlayn mikroqarz olish uchun «Anorbank» shoxobchasiga olib boradi. A.I.ning nomida kredit bo‘lgani sababli bo‘lsa kerak, bu yerda ularni ishlari bitmaydi. Shundan so‘ng uni Qo‘shtepa tumanidagi kredit savdo do‘koniga olib boradi. Shu yerda A.I. nomiga 31 000 000 so‘mlik maishiy tovarlarni xarid qilinganligi to‘g‘risida kredit rasmiylashtiriladi. Qog‘ozlarga qo‘l qo‘yib uyiga qaytgan A.I.ni esa oradan bir oy o‘tib kredit to‘lovlarini to‘lab qo‘yish bo‘yicha bezovta qila boshlashadi …
Shahar jamiyati mutaxassislari o‘rganish ishlari davomida dastlab kredit savdo do‘koni mas’ullari bilan bog‘lanib, shartnomaning mavjudligi, rasmiylashtirilgan summa, tovarlarni kimga yetkazib berilganligi kabi holatlarga oydinlik kiritganlaridan so‘ng, rasmiylashtirilgan kreditning «haqiqiy to‘lovchisi» K.X. bilan ham suhbatlashdilar. Tomonlarga yuzaga kelgan holatda amaldagi qonunchilik talablari, uning huquqiy oqibatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi. O‘rganish ishlari davomida K.X. bank muassasasi orqali 32 374 646 so‘m to‘lovni amalga oshirib, hamkasbi nomiga rasmiylashtirib olgan kreditini to‘liq so‘ndirdi.
Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
Post Comment