Federatsiyaning xalqaro aloqalari fuqarolarning transchegaraviy murojaatlarini hal qilishda qo`l kelmoqda
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi a’zosi, Farg‘ona shahrida mehnat faoliyati olib boruvchi N.Q. Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, Furqat tumanida yashovchi opasi S.N.ning turmush o‘rtog‘i Rossiya Federatsiyasida vafot etgani, u yerdan voyaga yetmagan farzandlari uchun kompensasiya to‘lovlarini olib turganligi, lekin 2020 yilga kelib (pandemiya paytida) ushbu to‘lovlarni to‘lash to‘xtab qolganligini bayon qilib, bu borada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragandi. Farg‘ona shahar jamiyati o‘sha paytdayoq mazkur masala bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab, shtab kvartirasi Moskva shahrida joylashgan, Federatsiya hamkori – Iste’molchilar jamiyatlari xalqaro konfederatsiyasiga (KonfOP) murojaat yo‘llagandi.
Ushbu murojaat asosida KonfOP advokati Diana Mixaylovna Sork tomonidan 3 yil davomida Rossiyadagi masalaga daxldor idoralar bilan tinimsiz muzokaralar, masalani sud idoralariga olib chiqish bo‘yicha ishlar olib borildi. Va nihoyat, 2024 yilning 13 mart kunida Farg‘ona shahar jamiyati KonfOPdan rasmiy xat oldi.
Unda bayon qilinishicha, o‘tgan muddat davomida tashkilot mas’ullari «Rossiya temir yo‘llari» OAJ («RJD» OAO), banklar, ijro hokimiyati idoralari bilan 20 dan ortiq ochiq muzokaralar olib borgan, shuningdek sudlarga da’vo arizalari tayyorlanib kiritilgan, tegishli idoralarga 10 dan ortiq aloqa xatlari va murojaatlar yo‘llangan. Bu ishlarning natijasida 2024 yilning fevral oyi oxirlariga kelib, fuqarolar S.N. va S.A.larning manfaatlarini ko‘zlab jami 318 000 Rossiya rubli (43 mln so‘mdan ortiq) miqdorida pul mablag‘lari undirilgan va ularning hisob raqamlariga yo‘naltirilganligi ma’lum qilingan.
Fursatdan foydalanib, Iste’molchilar jamiyatlari xalqaro konfederatsiyasi boshqaruvi raisi D.Yanin va konfederatsiya mas’ul xodimlariga bizning murojaatimiz asosida olib borilgan mashaqqatli mehnat va beg‘araz yordamlari uchun cheksiz minnatdorchilik izxor qilamiz.
Nodirjon Toshkanov,
Farg‘ona shahar jamiyati raisi.
Post Comment