Murojaatni o‘rganish yakunlari qarzdorlikning asossizligini ko‘rsatdi
Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Bog‘ibanon ko‘chasida yashovchi Sh.O.ning ichimlik suvi ta’minotida yuzaga kelgan asossiz qarzdorlikdan norozi bo‘lib O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida ichimlik suvi ta’minoti yo‘nalishida uning xonadoniga nisbatan 1 300 000 so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblanayotganligi, mazkur qarzdorlikning asossiz ekanligini ma’lum qiladi hamda holatga aniqlik kiritib berilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.
O‘rganish davomida ushbu holat bo‘yicha «Farg‘ona suv ta’minoti» AJning Qo‘qon shahar filialiga so‘rov kiritildi. Olingan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, iste’molchiga haqiqatan ham ichimlik suvi to‘lovlaridan 1 200 978 so‘m qarzdorlik mavjudligi haqida ogohlantirish xati berilganligi, ushbu summadagi qarzdorlikni kelib chiqishiga esa ko‘rsatkichlarni iste’molchi tomonidan bazaga kiritib borilmagani sababli, oxirgi marotaba 29.07.2023 yilda kiritilgan ko‘rsatkichdan so‘ng, joriy yilning 25 aprel sanasiga qadar bo‘lgan davr oralig‘ida billing bazasining avtonom-prognozlash algoritmi o‘rtacha iste’mol ko‘rsatkichlarini bazaga kiritib, hisob-kitob qilib kelganligi natijasida kelib chiqqanligi, o‘rganish ishlari davomida iste’molchi tomonidan taqdim qilingan suv hisoblagich haqiqiy ko‘rsatkichlarini bazaga kiritilishi bilan prognoz qilingan qarzdorlik bartaraf qilinganligi ma’lum qilindi. O‘rganish ishlari davomida iste’molchining bugungi kun holatiga real qarzdorligi 6 ming 642 so‘mni tashkil qilayotganligi qayd qilinib, bu haqda unga rasmiy ravishda ma’lum qilindi.
Muhammadjon O‘lmasov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Post Comment