Masala sudga chiqarilishi arafasida sotuvchi va iste’molchi o‘rtasida kelishuvga erishildi
Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shu tumandagi qishloqlardan birida istiqomat qiluvchi A.U. tomonidan bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qilingan mobil qurilmalarni oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilganidan boshqa rusumda bo‘lib chiqqanligi to‘g‘risida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga qilingan murojaat o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida tumandagi «Texnopark» savdo do‘konidan shartnomada nomi RedMi 11 tarzida keltirilgan va shartnoma narxi 8 700 000 so‘m bo‘lgan 2 ta mobil qurilmani xarid qilib, ulardan foydalanib yurgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tib telefonlarni sotmoqchi bo‘lganida xaridorlar unga qurilma RedMining 11-emas, balki 10-avlodiga tegishli ekanligini aytishadi. Shundan so‘ng sotuvchi huzuriga kelgan iste’molchi ushbu masalani sotuvchi bilan o‘zaro hal qila olmaganlaridan so‘ng Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida garchi telefon qadog‘i (korobkasi)da mobil qurilma rusumi RedMi 11 yozilgan bo‘lsada, uni haqiqatda RedMi 10 rusumiga tegishli ekanligi tasdig‘ini topdi. Tuman jamiyati sotuvchi bilan masalani yechimi bo‘yicha bir to‘xtamga kela olmaganlaridan so‘ng, uni sud hukmiga havola qilish bo‘yicha hujjatlar tayyorlanishi jarayonida, sotuvchi tomoni iste’molchi bilan kelishuvga erishganligini ma’lum qildi. Kelishuvga ko‘ra esa, sotuvchi iste’molchiga mobil qurilmalarning narxi o‘rtasidagi farq summasini to‘lab berdi.
Sardorbek Mirzajonov,
tuman jamiyati raisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment