Nuqsonli suv isitgich maqbul sifatdagisiga almashtirib berildi

Nuqsonli suv isitgich maqbul sifatdagisiga almashtirib berildi

Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Guliston» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi B.B.ning 2 500 000 so‘mga xarid qilingan suv isitgichda nuqson aniqlangani, bu borada sotuvchiga qilingan murojaat natija bermayotganligi yuzasidan qilgan yozma murojaati o‘rganildi.

Iste’molchiga ko‘ra, «Royal» rusumli suv isitgich qurilmasi xonadonga keltirilib, o‘rnatib ishga tushirilgan kunlaridanoq talab darajasida ishlamagan. Maishiy texnikada aniqlangan nuqson vaji bilan uni almashtirish masalasida sotuvchiga qilingan murojaatlari bilan esa ijobiy natijaga erisha olmagan.

Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 14-moddasiga ko‘ra, tovarda nuqson aniqlanib, uni almashtirish to‘g‘risida talab qo‘yilsa, sotuvchi uni yetti kunlik muddatda, agar tovar sifatini qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa yigirma kunlik muddat ichida almashtirib berish chora-tadbirlarini ko‘rishi zarur. Aks holda, iste’molchida yuqoridagi muddatlardan o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) undirib olish huquqi vujudga keladi. O‘rganish davomida qonunning mazkur talablari sotuvchiga tushuntirilishi bilan iste’molchidagi nuqsonli suv isitgichni xuddi shu rusumdagi maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishiga erishildi.

Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.

Post Comment