Bolalar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda e’tiborsizlik ketmaydi
Bolalar uchun oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda mahsulot qadog‘ida keltirilgan ma’lumotlar ichida uning ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik (saqlash) muddatlari haqidagi ma’lumotlar eng muhim ma’lumotlardan biri sanaladi. Sababi mahsulot kim tomonidan va qachon ishlab chiqarilgan bo‘lishidan qat’i nazar, uni yaroqlilik (saqlash) muddatlari o‘tganidan so‘ng iste’mol qilish bolalarning sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin.
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «So‘filar» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi O.I.ning bir yoshli farzandi uchun tuman markazidagi do‘konlardan biridan xarid qilgan bolalar uchun mo‘ljallangan sutli aralashma mahsulotidan farzandi iste’mol qilgach sog‘ligi yomonlashganligi holati yuzasidan Ichki ishlar idorasining 102 qisqa raqamiga qilgan murojaati masalaning tegishliligi bo‘yicha o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi do‘kondan «Nuppi» bolalar uchun sutli aralashma mahsulotini 58 000 so‘mga xarid qilgan. Xarid jarayonida mahsulotning yaroqlilik (saqlash) muddati o‘tganligi iste’molchining ham, sotuvchining ham e’tiboridan chetda qolgan. Bu esa mahsulot iste’molidan so‘ng bolaning sog‘ligi yomonlashib, shifoxonaga joylashtirilishiga olib kelgan. Iste’molchi ushbu holat bo‘yicha sotuvchiga uchrashganida unga qo‘pol muomalada bo‘lganliklarini, hatto muddati o‘tgan mahsulotni qaytib olib, pulini qaytarib berish choralarini ko‘rilmaganligini ma’lum qiladi.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirishlar berilib, iste’molchidan muddati o‘tgan mahsulotni qaytarib olish, uning uchun to‘langan pul summasini hamda unga yetkazilgan jami 500 000 so‘m moddiy zararni qoplab berish, aks holda masala sudga chiqarilib, yetkazilgan moddiy zararga qo‘shib ma’naviy zarar summasini undirish choralari ham ko‘rilishi yuzasidan talabnoma kiritildi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan sotuvchi tuman jamiyati iste’molchi nomidan kiritgan talabni bajarib, iste’molchiga yetkazilgan 500 000 so‘m moddiy zararni qoplab berdi.
Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment