Maishiy texnikada yuzaga kelgan nuqsonni bepul bartaraf etib berilishi chora-tadbirlari ko‘rildi
Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida O‘zbekiston tumanining «Tinchlik» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.Z.ning Qo‘qon shahridan xarid qilgan televizorda foydalanish davomida nuqson kelib chiqqani ortidan bir qancha muammolarga duch kelgani va undagi nuqsonlarni bepul bartaraf etib berilishida yoki maqbul sifatdagisiga almashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab yozgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u «Texnomart» MChJga qarashli savdo do‘konidan shartnoma qiymati 2 600 000 so‘m bo‘lgan Toshiba 32V35ME rusumli smart televizorni qiymatini 6 oy davomida bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilgan. Xonadonga keltirib foydalanishi davomida televizorning ekranida nosozlik yuzaga kelgan. Sotuvchiga murojaat qilib, mazkur nuqsonni bepul bartaraf etib berilishi yoki uni boshqasiga almashtirilishi bo‘yicha qilgan sa’y-harakatlaridan natija chiqara olmagach, Federatsiyaning Qo‘qon shahar jamiyatiga murojaat qilib, o‘zining qonuniy huquqlari himoya qilinishini so‘ragan.
Shahar jamiyati tomonidan mazkur holat yuzasidan MChJ rahbariyatiga aloqa xati kiritildi. Natija esa uzoq kuttirmadi. Olingan javob xatida televizordagi nuqsonni tezkorlikda bartaraf etish maqsadida, shuningdek shaharda ushbu rusumdagi maishiy texnikalarga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazi yo‘qligi sababli, Toshkent shahriga yuborilganligi va tez muddat ichida iste’molchiga soz holatda topshirish chora-tadbirlari ko‘rilayotganligi ma’lum qilindi.
Muhammadjon O‘lmasov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Post Comment