Iste’molchining qonuniy talablarini bajarmaslik shartnomani bekor qilish uchun asos bo‘ladi

Iste’molchining qonuniy talablarini bajarmaslik shartnomani bekor qilish uchun asos bo‘ladi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasida Farg‘ona shahar G‘allakon ko‘chasida yashovchi Yu.O.ning 11 500 000 so‘mga xarid qilgan mebellarda nuqson aniqlangani, sotuvchidan ularni almashtirib olish yoki pullarini qaytarib olish bo‘yicha qilayotgan sa’y-harakatlari samara bermayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.

Iste’molchi murojaatida, mebellarni yangi yil bayrami kuni arafasida shahardagi «Woodline» savdo do‘konidan, 3 yillik kafolat muddati bilan, naqd pulga xarid qilganligini, mebeldan bir hafta davomida foydalanish jarayonidayoq unda turli nuqsonlar kelib chiqqanligini, bu haqda birinchi bor 9-yanvar sanasida sotuvchi tomonining ma’sullariga o‘z e’tirozlarini va qonuniy talablarini bildirganligini, lekin uning talablarini bajarish ishlari turli sabablar bilan paysalga kelib kelinayotganligini ma’lum qiladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda, u bir qator huquqlarga ega bo‘lib, tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirib olish, bepul ta’mirlatish kabi huquqlari shular jumlasidandir. Iste’molchi ushbu huquqlaridan birini yoki bir nechasini qonuniy talablari sifatida sotuvchiga oldiga qo‘yishi uchun tegishli tartib qoidalar mavjud bo‘lib, sotuvchi tomoni mazkur talablar qo‘yilganidan so‘ng ularni o‘rganib chiqib, qonunda belgilangan muddatlarda ularni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rishi lozim bo‘ladi. Agar sotuvchi iste’molchining qonuniy talablarini bajarmasa, unda shartnomani bekor qilib yetkazilgan ziyon va ma’naviy zararni qoplanishini talab qilish huquqlari vujudga keladi.

Hududiy birlashma mutaxassisi murojaatni o‘rganish ishlari davomida sotuvchi tomoni mas’ullari bilan yuqoridagi talablar yuzasidan muzokara va tushuntirish ishlari olib borishi yakunlariga ko‘ra, sotuvchi tomonidan 11 500 000 so‘m pul iste’molchiga qaytarilishiga va nuqsonli tovar qaytarib olinishiga erishildi.

Faxriddin Boynazarov,
hududiy birlashma huquqiy himoya sektori boshlig‘i.

(illyustrativ foto)

Post Comment