O‘lchami mos kelmagan gilam almashtirildi

O‘lchami mos kelmagan gilam almashtirildi

Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Navoiy ko‘chasida yashovchi T.M.ning 3 800 000 so‘mga buyurtma qilingan gilamning xona o‘lchamiga mos tushmagani va uni sotuvchi boshqasiga almashtirib bermayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.

«O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 1-ilovasiga ko‘ra, metrlab (qirqib) sotiladigan bir qator tovarlar, jumladan to‘qimachilik tovarlari, kabel’ mahsulotlari, qurilish va pardozlash materiallari (ularning ichida gilam qoplamalari) qaytarib olinmaydigan va almashtirilmaydigan tovarlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ularni qandaydir iste’mol xossasi (rangi, shakli, fasoni, o‘lchami) mos kelmagani sababi bilan sotuvchiga qaytarish yoki almashtirib olishning imkoni yo‘q.

Murojaatda keltirilgan gilam masalasiga kelganda esa shunga e’tibor qaratilishi kerakki, agar tovar gilam qoplamasi, ya’ni metrlab (qirqib) sotiladigan tovar sifatida realizasiya qilinayotgan bo‘lsa, yuqoridagi Qoidalar talablariga ko‘ra almashtirilmaydigan tovarlar turiga mansub deb hisoblanadi, agar alohida yaxlit shaklda, ya’ni aniq o‘lchamlar asosida tayyor holda realizasiya qilinayotgan bo‘lsa, uni qandaydir iste’mol xossasi mos kelmagani sababi bilan, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun 18-moddasi tartibida, nooziq-ovqat tovarini sotib olgan yerdagi sotuvchidan 10 kun ichida almashtirib olish mumkin. Shu o‘rinda, bu yerda gap nuqsonli tovarlar haqida emas, balki maqbul sifatda bo‘lgan tovarlar haqida ketayotganini ham eslatib o‘tish joiz.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, murojaatni o‘rganish doirasida sotuvchiga qonunchilikning mazkur talablari bo‘yicha berilgan tushuntirishlar va muzokaralar natijasi bilan iste’molchining xonadoniga o‘lchami mos tushmagan gilamni boshqa mos o‘lchamdagisiga almashtirib berilishiga erishildi.

Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.

Post Comment