Iste’molchi biologik faol qo‘shimchani dori vositasi deb sotib olgan

Iste’molchi biologik faol qo‘shimchani dori vositasi deb sotib olgan

Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Gumbaz» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi A.A.ning Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali 3 270 000 so‘mga buyurtma qilgan dori vositasi unga ta’sir qilmaganligi sababidan to‘lagan pulini qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Bosh prokuratura ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.

Avvalo shuni alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, agar Sizda ijtimoiy tarmoqlarda dori vositalarini xarid qilish niyati bo‘lsa, unutmang, O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi qonuniga aosan faqat shifokorning resepti bo‘yicha tarqatiladigan dori vositalarini; tarkibida giyohvandlik vositalari yoki psixotrop va (yoki) kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini; O‘zbekiston Respublikasida tibbiyotda qo‘llanish uchun ruxsat etilmagan dori vositalarini;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida davlat ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini reklama qilish taqiqlangan! Demak, bu turdagi dori vositalari ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilib, reklama qilinmaydi. Shuningdek, yuqoridagi toifalarga kirmaydigan, boshqa dori vositalarini reklama qilishga nisbatan ham qonunchilikda o‘ziga xos va tegishli cheklovlar va taqiqlar mavjud. Shu sababdan ham ijtimoiy tarmoq orqali dori sotib olish istagida bo‘lgan fuqaro bu holatlarni yodda tutishi kerak bo‘ladi.

O‘rganilgan murojaat egasi ham arizasida «men Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali dori sotib oldim», degan jumlani ishlatgan bo‘lsada, uning tomonidan sotib olingan Sustafleks kapsulalari internet saytlarida dori vositasi emas, balki Biologik faol qo‘shimcha sifatida tariflanadi. Biologik faol qo‘shichalarga esa biror bir kasallikni davolovchi dori vositasi sifatida emas, balki oziq-ovqat mahsuloti sifatida sertifikat beriladi.

Murojaatni o‘rganish jarayonida iste’molchi tomonidan taqdim qilingan bog‘lanish raqamlari orqali biologik faol qo‘shimchani sotgan sotuvchi kompaniya mas’ullari bilan bog‘lanilib, ular bilan amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan suhbatlashilib, iste’molchi murojaatida keltirilgan talab ularga yetkazildi. Olib borilgan muzokaralar natijasida va iste’molchining roziligi asosida kapsulalarning hali iste’mol qilinmagan 1 944 000 so‘m qismi sotuvchiga qaytarilib, shu miqdordagi pul summasi iste’molchiga qaytarib berilishiga erishildi.

Hurmatli iste’molchilar, sizlardan dori vositalarini ijtimoiy tarmoqlardagi turli shubhali sayt va havolalar orqali buyurtma qilmaslikni va ularni dorixonalardan sotib olishingizni, dori vositalarini shifokor tavsiyasisiz xarid qilmaslik va iste’mol qilmaslikni so‘rab qolamiz. Unutmang, Vazirlar Mahkamasining 06.04.2017 yildagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizasiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ga ko‘ra, dori vositalari va tibbiy buyumlarni dorixonalardan tashqarida sotish taqiqlangan.

Xusniddin Latipov,
tuman jamiyati mutaxassisi.

Post Comment