Farg‘onada iste’molchi huquqi tiklandi: o‘lchami mos kelmagan ko‘ylakchaning puli qaytarildi

Farg‘onada iste’molchi huquqi tiklandi: o‘lchami mos kelmagan ko‘ylakchaning puli qaytarildi

Farg‘ona shahrida yashovchi U.E. qiziga bayram tadbirlari uchun maxsus tikilgan, xalq orasida “kelin ko‘ylak” deb yuritiladigan materialdan tayyorlangan bolalar ko‘ylakchasini xarid qilgan. Biroq uyga kelib, ko‘ylakni qiziga kiygizib ko‘rganida uning o‘lchami mos kelmagan.

Iste’molchi bu masalani sotuvchi bilan o‘zaro kelishuv yo‘lida hal qilishga urinib ko‘rgan, ammo tomonlar o‘rtasida umumiy kelishuvga erishilmagan. Shundan so‘ng u ushbu masalada O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga murojaat qilgan.

Qonunchilikka muvofiq, agar sotib olingan tovar iste’molchi kutgan muayyan xususiyatlarga — o‘lcham, fason, rang va boshqa parametrlarga mos kelmasa, uni sotuvchiga qaytarish yoki almashtirishga haqli. Ushbu holat ham aynan shunday holatga mos keladi.

Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassislari vaziyatga aralashib, sotuvchiga iste’molchi huquqlari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borishi va ko‘rilgan choralar natijasida U.E.ga ko‘ylakcha uchun to‘langan mablag‘ to‘liq qaytarildi.

Federatsiya mutasaddilari iste’molchilarni o‘z huquqlarini bilishga, zarurat tug‘ilganda esa ishonch telefonlariga murojaat qilishga chaqirib qoladi.

Mansurjon Toshkanov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment