Davolanish (sanatoriya, profilaktoriya) muassasalari tomonidan iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar o‘rganildi
Tanlama asosda o‘rganilgan 10 ta davolanish muassalarining loyiha quvvati jami 1274 ta dam oluvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘rganish vaqtida haqiqatda 1289 ta dam oluvchi quvvati bilan faoliyat olib borilayotganligi va 995 ta dam oluvchiga xizmatlar ko‘rsatilayotgani kuzatildi.
O‘rganilgan davolanish muassasalarining barchasida qonunning 5-moddasiga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchi to‘liq nomi va joylashgan (yuridik) manzili haqida iste’molchini xabardor qilishi shartligi va bunday ma’lumot lavhada aks ettirilishi lozimligi talablari bajarilgan bo‘lsada, ularni qonun talablari asosidagi namunaviy shaklda deb bo‘lmaydi. Shuningdek, iste’molchilar tanishishi uchun qulay joylarga o‘z sohasiga oid xizmat ko‘rsatish qoidalaridan ko‘chirmalar, lisenziyalanadigan faoliyat turlari bo‘yicha lisenziyalardan nusxalar axborot yoki iste’molchi burchagiga qo‘yilishi talablari muassalarning 4 tasida, o‘zi realizasiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berilishi shartligi bo‘yicha talablar esa 3 tasida to‘liq ta’minlanmagan.
Dam oluvchilarga muassasa tomonidan berilgan ko‘rpa-to‘shaklar holati ko‘rilganda, ulardan bittasida ko‘rpa-to‘shaklarning holati talab darajasida emasligi kuzatilgan.
Dam oluvchilar yotadigan xonalardagi mebellarning holati bo‘yicha jami 2 ta muassasada ularning ayrimlari ta’mirtalab holatga kelib qolganligi ko‘rilgan. Xuddi shuningdek, 1 ta muassasada dam oluvchilar yotadigan xonalar haroratini kunning issiq va sovuq mavsumlarida mo‘’tadil ushlab turish choralari ko‘rilmaganligi qayd qilingan. Muassasalarda dam oluvchilarni ko‘rishga kelgan mehmonlar uchun kutish zallari tashkil qilingan va ularning umumiy holati talabga javob beradi.
Davolanish muassasalarida foydalanishda bo‘lgan tibbiy va diagnostik asbob-uskunalarning tegishli hujjatlari (shuningdek sertifikatlari) mavjudligi so‘rab ko‘rilganda, ularning bittasida esa mas’ullar mazkur hujjatlarni taqdim olmaganlar. Yuqoridagi asbob-uskunalarning to‘g‘ri ishlayotganligini tasdiqlovchi davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tganligi to‘grisida hujjati mavjudligi so‘ralganda, ulardan 3 tasida mazkur hujjatlarning to‘liq emasligi, bittasida esa mavjud emasligi qayd qilingan.
Muassasalardan bittasidagi davolash muolajalari o‘tkaziladigan xonalardagi mebellarning ayrimlari ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Xuddi shuningdek, mazkur muassasadagi davolash muolajalari o‘tkaziladigan xonalardagi ko‘rpa-to‘shaklar holati ham talabga javob beradigan darajada emas.
Dam oluvchilar tomonidan to‘lovlarni amalga oshirish uchun to‘lovlarni qabul qilish va qayd qilish uskunalari (nazorat kassa mashinasi, to‘lov terminali) ko‘rilganda, bitta muassasada ulardan bittasi ishchi holatda emasligi, 2 tasida esa ushbu yo‘nalishda to‘liq sharoitlar yaratilmaganligi kuzatilgan. O‘rganilgan muassasalarning 3 tasida xizmatlardan bepul yoki imtiyozli shartlarda foydalanuvchilar toifasi haqidagi ma’lumotlar to‘lovlarni amalga oshirish joylaridagi iste’molchilar tanishishi uchun qulay joylarga qo‘yilmagan. O‘rganuvlar davomida muassasalarning 3 tasida to‘lovlar amalga oshirilganda uni amalga oshirilganligini tasdiqlash va qayd qilish uchun tegishli uskunalar (NKM, to‘lov terminali) mavjud bo‘lgani holda, ulardan foydalanmaslik holatlari kuzatilgan. Shuningdek, 3 ta muassasada tovar (ish, xizmat)larga to‘lovlarni amalga oshirish uchun CLICK vositasidan (kimningdir shaxsiy plastik kartasiga pul o‘tkazib berish usulidan) foydalanish holatlari mavjud.
Dori vositalarini reklama qilish borasidagi qonunchilikni buzilishi holatlari ko‘rilganda, ulardan bittasida mazkur yo‘nalishda salbiy holat kuzatilgan.
Realizasiya qilinayotgan tovar (ish, xizmat)larning sanitariya-gigiena, amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishi lozimligi talablari ijrosini o‘rganish maqsadida muassasalarda iste’molchilarning hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavf tug‘diruvchi, shuningdek, ularning mol-mulkiga zarar yetkazuvchi holatlarning mavjudligi ko‘rilganda, muassasalarning 4 tasida ushbu yo‘nalishda salbiy holatlar kuzatilib, ushbu salbiy holatlar umumiy sanitariya-gigiena holatlari bilan, oshxona chiqindilari (turli yog‘lar va b.)ni filtrlashdan o‘tkazilmasdan oqova suvlariga yoki kanalizasiya tarmog‘iga tashlanishi, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib ketilishiga bog‘liq holatlar bilan bog‘liq holatlar bilan bog‘liq holda kuzatilgan.
O‘rganishda yuqoridagi muassasalarda iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistash, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish holatlari qayd qilinmagan.
Post Comment