Ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq to‘lanmaydi
Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Sh.A.ning tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha hisoblangan 20 147 323 so‘m qarzdorlikdan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganildi. Mazkur murojaat asosida tuman gaz idorasiga kiritilgan so‘rov xati va o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasi bilan gaz idorasi dasturida murojaatchi Sh.A.ning otasi R.T.ga biriktirilgan 120………89 hisob raqamida haqiqatan ham 20 147 323 so‘m qarzdorlik mavjudligi hamda ushbu qarzdorlikning kelib chiqish sabablariga oydinlik kiritildi.
Ma’lum bo‘lishicha, R.T.ning xonadoni 2023-yilda tarmoqdan uzilib, foydalanishda bo‘lgan gaz hisoblagich tumangaz bo‘limi xodimlari tomonidan olib ketilgan va keyinchalik boshqa fuqaroga foydalanishga berib yuborilgan. Ushbu jarayonda esa hisoblagichni tegishli tartibda R.T.ning nomidan chiqarib yuborilib, foydalanishga berilgan fuqaro M.X.ga rasmiylashtirish ishlari o‘tkazilmagan. Natijada o‘tgan davr ichida M.X. tomonidan iste’mol qilingan gaz sarfi ko‘rsatkichlari xonadoni tarmoqdan uzib qo‘yilgan gaz hisoblagichning sobiq egasi shaxsiy hisob raqamiga to‘planib boravergan. R.T. xonadoni vakillari esa oradan ikki yil o‘tib qo‘llariga gaz idorasidan qarzdorlikni bartaraf qilish to‘g‘risida ogohlantirish xati kelmaguncha bundan bexabar bo‘lgan.
O‘rganish ishlari davomida yuqoridagi hisob raqam gaz hisoblagichdan foydalanib kelgan fuqaro M.X.ga biriktirilib, qarzdorlik bartaraf qilingunga qadar tarmoqdan uzib qo‘yildi hamda qarzdorlik summasini fuqaro R.T. zimmasidan soqit qilinishiga erishildi.
Xusniddin Latipov,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment