Naqdlashtirish jarayonida bankomat bermagan naqd pulni plastik kartaga qaytarish uchun bir oy vaqt ketadi…mi?
Toshloq tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Qo‘rg‘oncha» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.M.ning bankomatdan 350 000 so‘m pulni naqdlashtirish jarayonida bankomat kartadan pul yechgan bo‘lsada, naqd pul chiqarib bermagani, ushbu masalani hal qilish bo‘yicha bank idorasiga qilgan murojaatidan natija bo‘lmayotganligi xususidagi og‘zaki murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u tuman markazidagi «Mikrokreditbank» ATB Farg‘ona bank xizmatlari ofisiga qarashli bo‘lgan bankomatdan pul naqdlashtirmoqchi bo‘lganida, bankomat tegishli operatsiyalarni birin-ketin bajarib, naqd pul berish amaliyotini bajarmagan. Fukaro ushbu holat yuzasidan bankning koll-markaziga qo‘ng‘iroq qilganida, unga bankomatdagi nosozlik bartaraf puli qaytarib berilishi tushuntirilgan. Lekin oradan 20 kun vaqt o‘tsada muammo bartaraf etilavermagach, u ushbu masalada amali yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiyaning Toshloq tuman jamiyatiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Tuman jamiyati murojaat kelib tushgan kun – 21-may kunini o‘zida bankning «Mikrokreditbank» ATB Farg‘ona BXO rahbari nomiga muammoni tegishli tartibda o‘rganib chiqilib, hal qilinishini so‘rab aloqa xati kiritdi. Bank muassasasidan 30-may kunida olingan javob xatida iste’molchi M.M. haqiqatan ham 1-may kunida bankomatdan 350 00 so‘m pulni naqdlashtirmoqchi bo‘lganligi, bankomat texnik nosozlik sababli iste’molchiga naqd pul bermaganligi, muammo 28-may kunida «Yagona Umumrespublika Prosessing Markazi»ga xat bilan murojaat qilish yo‘li bilan hal etilganligi va shu kuni iste’molchi bank kartasiga pul mablag‘i qaytarilganligi to‘g‘risida ma’lum qilindi.
P.S:
Hududiy birlashma tomonidan ushbu masalada Markaziy bank Farg‘ona viloyat bosh boshqarmasiga alohida xat kiritilib, holatni qo‘shimcha ravishda o‘rganib chiqilishi hamda mijozning bank plastik kartasidan bankomat orqali yechib olingan pul summasini qaytarish ishlarini cho‘zib yuborilishi holatiga munosabat bildirilishi so‘raldi.
(illyustrativ foto sun’iy intellekt yordamida yaratildi)
Post Comment