Iste’molchilardan ularning nomiga turli shartnomalar rasmiylashtirilishi jarayonida hushyorlik talab etiladi

Iste’molchilardan ularning nomiga turli shartnomalar rasmiylashtirilishi jarayonida hushyorlik talab etiladi

Bugungi kunda qaerga qaramang aksiya, yutuq, chegirma degan so‘zlarga ko‘zingiz tushadi. Bu tovar va xizmatlarni reklama qilish va sotishning zamonaviy marketing usullaridan bo‘lib, agar ularning tub zamiriga odamlarni aldash maqsadi yashirinmagan bo‘lsa, buni hech qanday xavotir oladigan joyi yo‘q, albatta. Lekin maqsad ushbu terminlarning asl mohiyatini tushunib-tushunmagan odamlarga mazkur jimjimador so‘zlar ishtirok etgan turli o‘yinlarni o‘tkazib, oxir oqibat ularni aldanib qolishiga olib kelsa, bu holat huquqbuzarlik sifatida qaralishiga sabab bo‘ladi.

Beshariq tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga tumandagi 12-oilaviy poliklinikaning 7 nafar xodimlari nomidan murojaat qilgan B.J. joriy yilning aprel oyida ularning ishxonasida o‘zlarini Andijon viloyatidan deb tanishtirgan tadbirkorlar tomonidan «yutuqli aksiya» o‘tkazilganligini, unda agar ishtirok etuvchiga yutuq narxi 1 500 000 so‘mdan kam summani tashkil qiladigan sovg‘a chiqsa, mazkur buyum tekinga berilishi, bunga qo‘shimcha ishtirokchi ro‘yxatdan boshqa birorta tovar tanlab, uni muddatli to‘lov shartlarida rasmiylashtirilishini aytganliklarini va yutuqli o‘yinga qiziqish bildirgan poliklinikaning 7 nafari xodimi unda ishtirok etganligini ma’lum qiladi.

«Aksiya»da ishtirok etgan tibbiyot xodimlarining biri u, biri bu sovg‘ani yutib olgan va bundan ruhlanib, qo‘shimcha ravishda umumiy ro‘yxatdan telefon, chang yutgich, idishlar to‘plami va shu kabi tovarlarni tanlab, mazkur tanlangan tovarlarning shartnoma qiymatini bo‘lib to‘lash shartlarida rasmiylashtirilishiga rozilik berishgan. Lekin oradan bir oy o‘tib plastik kartalaridan pul yechilganda shartnoma qiymati summasiga «sovg‘a» (tekin)ga deb berilgan tovarning narxi ham kiritib yuborilganligi ma’lum bo‘lgan. Shundan ularning aksiya tashabbuskori bilan olib borgan muzokaralaridan natija bo‘lavermagach, Beshariq tuman jamiyatiga mazkur masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilganlar.

Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan aksiya tashabbuskori bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektiga so‘rov xati kiritilib, masala tadbirkorning joylashgan joyi bo‘yicha Asaka tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislarini ham jalb qilgan holda o‘rganildi. O‘rganish yakunlari bilan esa muammo bartaraf etilib, o‘yin ishtirokchisi bo‘lgan 7 nafar tibbiy xodimning muddatli to‘lov shartnomasidagi umumiy summadan «sovg‘a» summasini chegirib tashlanishiga erishildi.

Shoiraxon Nasriddinova,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment