Maishiy texnikadan foydalanishda uning yo‘riqnomasi yoki qo‘llanmasiga amal qilishni unutmang
Sotib olinayotgan maishiy texnikaga kafolat muddati belgilangan degani bu, tovarga ishlab chiqaruvchi tomonidan ilova qilingan, undan foydalanishning yo‘riqnoma yoki qo‘llanmasiga amal qilmasdan, hohlaganicha tarzda foydalanilishi mumkin degani emas, albatta. Uzoq muddat foydalaniladigan tovardan yo‘riqnoma yoki qo‘llanmasi talablariga amal qilmasdan foydalanish esa texnikada turli nuqsonlar kelib chiqishiga, mazkur nuqsonlarning kelib chiqishiga iste’molchi aybdor deb topilishiga, bu esa oxir-oqibat iste’molchiga tovarning kafolat muddati davomida berilgan huquq va imkoniyatlardan to‘laqonli foydalana olmay qolinishiga olib kelishi mumkin.
Qo‘qon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan iste’molchi S.A.ning O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaati o‘rganilganda yuqoridagi kabi holatga duch kelindi. O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi «Shivaki» rusumidagi chang yutgichni 2023 yilning sentyabr oyida 3 yillik kafolat muddati bilan xarid qilgan. 2025 yilning avgust oylariga kelib chang yutgichning motori kuyib qolgach, kafolat muddati davomida belgilangan huquqlaridan foydalanish maqsadida, servis markaziga murojaat qilgan. Lekin servis markazida unga ta’mirlash ishlari pulli asoslarda bo‘lishi aytiladi. Shundan so‘ng u kafolat muddati davomida o‘z huquqlarini amalga oshirishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qiladi.
O‘rganish doirasida mazkur rusumdagi maishiy texnika buyumlariga servis xizmatlarini ko‘rsatuvchi «Artel» servis markaziga so‘rov xati kiritilib, uning asosida maishiy texnikada o‘tkazilgan tekshirish davomida chang yutgichning motoriga kuyishiga chang yig‘ishi qopi yoki kolbasi o‘z vaqtida tozalab turilmagani sabab bo‘lganligi ma’lum bo‘lgan. Bu esa nuqson iste’molchi aybi bilan kelib chiqqanligini ko‘rsatib, bunday holatlarda ta’mirlash ishlari uning hisobidan amalga oshirilishini bildiradi.
Muhammadjon O‘lmasov,
jamiyat mutaxassisi.
Post Comment