Hushyorlik har sohada qo‘l keladi
Bugungi kunda har xil shaxslar tomonidan korxona, tashkilot va muassasalarga tashrif buyurib, u yerda ishlovchi ishchi xodimlarni turli onlayn savdo ilovalari orqali tovarlar sotib olishga undash, turli xil aksiyalar va o‘yinlar tashkillab, fuqarolar nomiga mazkur ilovalar orqali tovarlarni nasiyaga sotib olinishini rasmiylashtirish holatlari bot-bot uchrab turibdi. Bu yo‘l bilan tovarlar sotib olgan aksariyat xaridorlar o‘z xaridlaridan qoniqish hosil qilayotgan bo‘lsada, ularning ichida xarididan qoniqish hosil qilmagan va «xo‘jalikda asqotib qolar» degan o‘y bilan o‘ziga tasalli berayotgan yoki «meni aldashipti» degan vaj bilan turli idoralarga ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilayotganlari yo‘q emas.
Shunday holatlardan biriga duch kelgan Marg‘ilon shahridagi muassasalardan birida ishlovchi F.R. u ishlayotgan tashkilotga kelib o‘zini bank xodimi deb tanishtirgan shaxs uning nomiga, «Open shop» onlayn savdo platformasi ilovasi orqali, oyiga 183 ming so‘mdan to‘lab borish sharti bilan idishlar to‘plamini nasiyaga sotib olish amaliyotini rasmiylashtirgani, keyinchalik to‘plam u hohlagan marka va narxdagisi bo‘lib chiqmagani haqida Federatsiyaning Marg‘ilon shahar jamiyatiga murojaat qilgan. Jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda savdoni amalga oshirishga ko‘maklashgan shaxs bank xodimi emas, balki shaharda faoliyat olib borayotgan xususiy firmalardan birining vakili ekanligini aniqlanib, mazkur firma mas’ullari bilan olib borilgan muzokaralar davomida iste’molchi F.R. tomonidan xarid qilingan idishlar to‘plami o‘zi hohlagan narx va markadagi to‘plamga almashtirilgan. Shuning barobarida firma iste’molchiga bonus tariqasida qo‘shimcha tovar ham sovg‘a qilgan.
Shu o‘rinda, iste’molchilarga quyidagilarni eslatib o‘tishni joiz deb hisoblaymiz. Kimlarningdir siz ishlayotgan tashkilot, yashayotgan mahallada, ko‘cha-kuyda, transportda o‘zini qaysidir tashkilot, firma yoki kompaniya vakili deb tanishtirishi va hohish-irodangizdan tashqari turli tovarlarni zo‘rlab tiqishtirishi holatlarida unutmang:
– avvalo, tovarlarni xarid qilishga qiziqmaydigan iste’molchilarga tovarlarni zo‘rlab tiqishtirish holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi, Sizda tovarni erkin tanlash huquqi bor;
– agar xarid qilishga qiziqish bildirsangiz, taklif qilinayotgan tovar haqida, shuningdek, ushbu tovarni sotuvchisi haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish huquqingiz bor. Shundan kelib chiqib, tovarning xususiyatlari, uning sifatini tasdiqlovchi hujjatlari, kafillik majburiyatlari, qolaversa tovarni sotuvchisi (ishlab chiqaruvchisi) haqidagi ma’lumotlarni so‘rab-surishtiring;
– tovarni xarid qilinganidan so‘ng, kelgusida turli nuqsonlar kelib chiqsa o‘z e’tirozlaringiz bilan kimga va qaerga murojaat qilishingiz mumkinligiga aniqlik kiritib oling. Agar Sizga shaxsiy mobil telefon raqami, ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali kanal, sahifa va akkauntlar berilsa, mobil raqam o‘chirib qo‘yilishi, almashtirib yuborilishi, ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali kanal, sahifa va akkauntlar faoliyatini to‘xtatishi, o‘chirib yuborilishi yoki bloklanishi mumkinligini ham unutmang. Iste’molchilardan e’tirozlarni qabul qilishga mo‘ljallangan aloqa kanallari (manzil, telefon, elektron pochta va b.) tovar yorliqlarida, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi)larning rasmiy saytlarida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanal va sahifalarida ko‘rsatilib o‘tiladi.
Zero, huquqini bilgan va hushyor iste’molchi doim haq bo‘ladi.
Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.
Post Comment