Iste’molchi murojaati asosida iPhonedagi nosozlik bartaraf etib berildi

Iste’molchi murojaati asosida iPhonedagi nosozlik bartaraf etib berildi

Iste’molchida xarid qilingan tovarni tegishli darajada sifatli bo‘lishini talab qilish huquqi mavjud. Agar iste’molchi tovarni sotib olganidan so‘ng va undan foydalanish davrida nuqsonlarni aniqlasa, qonunchilikka ko‘ra unda tovarni boshqasiga almashtirish, nuqsonlarni bepul bartaraf etib berilishini talab qilish, shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplanishini talab qilish kabi huquqlar vujudga keladi va u ushbu talablarini sotuvchiga nisbatan qo‘yadi. Sotuvchi esa, o‘z navbatida, iste’molchining qonuniy talablarini o‘rganib chiqib, tegishli chora-tadbirlarni ko‘rishi lozim. Aks holda sotuvchi turli moliyaviy sanksiyalar (neustoyka, penya to‘lash)ga duchor bo‘lishi mumkin.

Bag‘dod tumani «Saidobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi Sh.J. talaba qizi foydalanishi uchun tumandagi «Ishonch» savdo do‘konidan, shartnoma qiymati 9 458 800 so‘m bo‘lgan, iPhone 13 rusumli mobil qurilmani bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qilgach, undan foydalanishlari jarayonida turli nosozliklar kuzatilgan. Ushbu masalada sotuvchiga qilgan murojaatidan o‘zini qanoatlantiradigan javob ololmagach, Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga og‘zaki ravishda murojaat qilgan.

Masalaga tuman jamiyati mutaxassislarining aralashuvi esa muammoni tezkorlikda bartaraf etilishiga sabab bo‘ldi. Mobil qurilmaga bepul servis xizmati ko‘rsatilib, iste’molchi qo‘liga soz holatda topshirildi.

Dilorom Mirzayeva,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment