Suv hisoblagichga bir martalik muhr (plomba) o‘rnatildi

Suv hisoblagichga bir martalik muhr (plomba) o‘rnatildi

O‘zbekiston Respublikasining 22.07.2022 yildagi «Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida»gi O‘RQ-784-son qonuni 7-moddasiga ko‘ra, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha sifatli xizmatlar ko‘rsatish ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Iste’molchilarga bu boradagi sifatli xizmatlar ko‘rsatishning yo‘nalishlaridan biri sifatida esa tegishli tashkilotlar tomonidan ichimlik suvi tarmog‘i mavjud bo‘lgan hududlardagi aholi xonadonlarida ichimlik suvini suv hisoblagich orqali iste’mol qilinishini yo‘lga qo‘yish, suv hisoblagichlarning «O‘zstandart» agentligida akkreditasiyadan o‘tgan tegishli organlar tomonidan tekshirilgan va plombalangan bo‘lishining nazoratini olib borish kabi ishlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin.

Yuqoridagi ishlar hududlarda ichimlik suvi ta’minoti korxonalari tomonidan olib borilib, bu boradagi ishlar Vazirlar Mahkamasining 15.07.2014-yildagi 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalari» asosida tashkillanadi. Jumladan, Qoidalarning 71-bandiga ko‘ra, suvni hisobga olish asbobining o‘rnatilgani yoki yechilgani haqidagi ikki tomonlama dalolatnomalarning tuzilishi va ularning plombalanishi ISKX tashkiloti vakili tomonidan bepul bajarilishi belgilab qo‘yilgan.

Shu o‘rinda, qonun, qaror va qoidalar bilan soha bo‘yicha olib boriladigan ishlarning barcha ikir-chikirlarigacha belgilab qo‘yilgan bo‘lsada, iste’molchilardan suv hisoblagich o‘rnatilgandan so‘ng unga tegishli vakolatli shaxs tomonidan plomba qo‘yib berilishi ishlarini cho‘zib yuborilayotganidan norozi bo‘lib murojaat qilish holatlari hali-hanuz uchrab turibdi. Beshariq tumani «Beshkapa» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi O.P.ning murojaati shular jumlasidandir.

Ushbu murojaat Beshariq tuman iste’mochilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatida o‘rganilishi davomida tuman ichimlik suvi ta’minoti korxonasiga so‘rov xati kiritilib, iste’molchi xonadonidagi suv hisoblagichga bir martalik muhr (plomba) o‘rnatilishi ta’minlangan bo‘lsada, Qoidalarning 63-bandiga ko‘ra, plombalanmagan hisoblash asboblarini o‘rnatish va ulardan foydalanish taqiqlanishi, bu esa iste’molchilarni turli jarima va ortiqcha to‘lovlarga duchor bo‘lishiga sabab bo‘lib qolishi mumkinligini inobatga olib, mas’ullardan iste’molchilarning bu boradagi murojaatlariga jiddiy e’tibor qaratishlarini so‘rab qolar edik.

Shoiraxon Nasriddinova,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment