Ko‘rsatilmagan xizmat uchun olingan haq iste’molchiga qaytarildi
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas. Bunday holatga yo‘l qo‘yilgan taqdirda olingan haq iste’molchiga qaytarilishi lozim. Quva tumanida shunday holatlardan biri kuzatilgan.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilgan shu tumanda yashovchi S.B. xonadoniga suyultirilgan gaz balloni yetkazib berilishi jarayonida ko‘rsatilmagan xizmat uchun ham haq olinganligini ma’lum qilib, ushbu holatni o‘rganib chiqilishini so‘ragan.
Holat tuman gaz idorasi mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘rganilganda, idoraning texnik xizmat ko‘rsatish bo‘limi qisqartirilishi munosabati bilan xususiylashtirilib, MChJ shaklidagi tashkilotga aylantirilganligi, ushbu tashkilot tomonidan suyultirilgan uglevodorod gazi bilan ta’minlanuvchi tuman aholisiga yilda bir marotaba texnik xizmat ko‘rsatilib, belgilangan tariflar asosida haq olinishi, tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyat qonuniy asoslarga ega bo‘lsada, murojaat egasi S.B.ning nabirasiga suyultirilgan gaz balloni berish vaqtida xonadon gaz tarmog‘iga texnik xizmat ko‘rsatilmasdan haq olinganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish yakunlari bilan, qonun talablaridan kelib chiqqan holda, iste’molchiga ko‘rsatilmagan xizmat uchun olingan pul summasi qaytarilib, murojaat ijobiy hal qilindi. O‘rganish davomida tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari targ‘iboti olib borildi.
Adxamjon Xamidov,
jamiyat raisi.



Post Comment