Ko‘rsatilmagan xizmat – noreal qarzdorliklar
Amaldagi qonunchilikda, albatta, iste’molchiga xizmat ko‘rsatmasdan haq undirilishi holatiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan. Agar bunday holatga yo‘l qo‘yilgan va iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilgan Uchko‘prik tumanilik X.M. o‘zlari yashaydigan hududdagi xonadonlardan 3 oydan buyon chiqindilar olib ketilmayotgan bo‘lsada to‘lovlar oldindan undirilayotganidan norozi bo‘lib murojaat qoldirgan.
O‘rganishda murojaat egasi istiqomat qiladigan mahalla fuqarolar yig‘ini va «Agro Rishton ta’mir servis» MChJ o‘rtasida 2023 yilda aholidan to‘lovlarni undirishga asos bo‘lib xizmat qiluvchi ommaviy shartnoma imzolanganligi, shu asoslarda xizmat ko‘rsatib kelinayotganligi, biroq mahallaning iste’molchi va uning qo‘shnilari istiqomat qiladigan 8 ta xonadonga 2025 yilning oktyabr-dekabr hamda joriy yilning yanvar oyida xizmatlar ko‘rsatilmaganligi qayd qilindi. O‘rganish ishlari doirasida 884 000 so‘m mablag‘ mazkur 8 ta xonadonda yashovchi abonentlar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.
Farg‘ona tumanilik M.A.ning tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga bergan murojaatiga ko‘ra esa, undan ichimlik suvi ta’minoti korxonasi tomonidan to‘lab qo‘yilishi talab qilinayotgan 465 000 so‘m miqdorida qarzdorlik asossiz bo‘lib, uning tomonidan ushbu to‘lovlardan qarzdorlikka yo‘l qo‘yilmagan.
Murojaat ichimlik suvi ta’minoti korxonasi mas’ullari hamkorligida o‘rganilishi davomida iste’molchi tomonidan keltirilgan vajlarning asoslik ekanligi, unda iste’mol qilingan ichimlik suvi to‘lovlaridan qarzdorlik mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Qarzdorlikning kelib chiqishiga xonadondagi suv hisoblagich ko‘rsatkichlarini Billing bazasiga 2025 yilning avgust oyidan buyon kiritilmasdan qolishi sabab bo‘lganligi qayd qilindi.
Yuqorida keltirilgan holatlar xizmat ko‘rsatish sohasida hisob-kitob intizomi va shaffoflikni ta’minlash, iste’molchi manfaatlarini qat’iy himoya qilish naqadar muhim ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq undirish qonun talablariga zid bo‘lib, bunday holatlar o‘z vaqtida aniqlanib, qayta hisob-kitob qilinishi iste’molchilar huquqlarini tiklashga xizmat qiladi. Shu bois, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mas’uliyatini oshirish, iste’molchilar esa o‘z huquqlariga befarq bo‘lmasdan, qonun doirasida murojaat qilish amaliyotini kuchaytirish bu kabi noreal qarzdorliklarning oldini olishda muhim omil hisoblanadi.
Sardor Mirzajonov,
Shukurali Ibragimov,
jamiyat raislari.



Post Comment