Kafillik – ishonch emas, huquqiy javobgarlik

Kafillik – ishonch emas, huquqiy javobgarlik

Amaldagi tartib qoidalarga ko‘ra, bank krediti bo‘yicha oila a’zosi, qarindosh urug‘i, tanish-bilishlari va boshqalarga kafil bo‘lgan shaxs kredit mablag‘i ajratgan kredit tashkiloti oldida qarz oluvchi bilan baravar hajmda javob beradi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, kafil shaxs kredit tashkilotiga qarzdorning o‘z vaqtida to‘lanmagan kreditining asosiy qarzi va unga hisoblangan foizlarini to‘lashdan tashqari, ushbu kreditni undirib olish bilan bog‘liq sud xarajatlarini va qarzdor o‘z majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kredit tashkilotiga yetkazilgan boshqa zararlarni ham to‘laydi. Buni qonun tili bilan aytganda solidar javobgarlik ham deyiladi.

Shu sababdan ham, iste’molchi boshqa bir shaxsning krediti bo‘yicha kafil sifatida qatnashishdan avval kelajakda o‘zi hamda qarz oluvchining moliyaviy holati yomonlashuvi sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni to‘g‘ri baholashi, moliyaviy imkoniyatlarini aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda tahlil qilishi, shuningdek, kredit shartnomasida keltirilgan shartlar bilan atroflicha tanishib chiqishi tavsiya etiladi. Shartnoma kuchga kirganidan so‘ng, «Tanishim to‘lovlarni to‘liq o‘zi to‘lashini, kafillik bo‘yicha hech qanday muammo bo‘lmasligini va’da qilgandi» qabilidagi vajlar kafilni boshqa shaxs olgan kredit uchun to‘lovlarni to‘lash majburiyatidan soqit qila olmaydi.

Yozyovon tumanilik M.Sh.ning tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaati o‘rganilganda, aynan shunday holatlardan biriga duch kelindi. Iste’molchi murojaatida bank muassasasi uning plastik kartasidan asossiz ravishda 761 238 so‘m pul yechib olgani, ushbu summani plastik kartasiga qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan. Murojaat asosida «Biznesni rivojlantirish banki» ATB Marg‘ilon filialiga so‘rov xati kiritilganda, iste’molchi tanishi U.B.ning mazkur bankdan 2017 yilda olingan kreditiga kafil sifatida rasmiylashtirilganligi, U.B. tomonidan kredit majburiyatlari bajarilmaganligi sababli qarzdorlik summasining muayyan qismi uning bank kartasiga qaratilganligi ma’lum bo‘lib, o‘rganish ishlari yakuni bilan iste’molchiga uning bank kartasidan undirilgan to‘lovlarning qonuniyligi yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, aholi vakillarimizga kredit bo‘yicha kafillik shaxsdan jiddiy moliyaviy va huquqiy mas’uliyat talab qilishini, sababi u qarz oluvchi bilan teng javobgar hisoblanishini, qarzdor majburiyatini bajarmagan taqdirda, kafil kredit qarzini qonuniy tarzda to‘lashga majbur bo‘lishini e’tibordan chetda qoldirmasliklarini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment