Sotuvchi iste’molchining sog‘ligi holatidan kelib chiqib unga amaliy yordamini ko‘rsatdi

Sotuvchi iste’molchining sog‘ligi holatidan kelib chiqib unga amaliy yordamini ko‘rsatdi

Jamiyatimizda insonlar o‘rtasidagi munosabatlar azaldan o‘zaro hurmat, hamjihatlik va mehr-oqibat tamoyillariga tayanib shakllangan. Bir-birini tushunish, dardiga malham bo‘lish, og‘irini yengil qilishga intilish xalqimizning ma’naviy merosi va turmush tarzining ajralmas qismi sifatida avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Bu fazilatlar nafaqat oilaviy va mahalliy munosabatlarda, balki iqtisodiy, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida ham namoyon bo‘lib, jamiyatda o‘zaro ishonch va mas’uliyat muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bunga birgina misol bilan to‘xtalib o‘taylik. Qo‘shtepa tumanilik M.K. Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, 2026 yilning 15 yanvar kunida qizi X.M. shahardagi Ansor savdo majmuasi hududida faoliyat olib borayotgan sotuvchidan, shartnoma qiymatini bo‘lib to‘lab berish shartlarida, 9 152 000 so‘mga tilla buyumlar xarid qilgani, lekin hozirgi kunda qizi og‘ir betob bo‘lib, mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolganligi sababli shartnomani bekor qilish va mazkur buyumlarni sotuvchiga qaytarilishi masalasi o‘rganib chiqilib, amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragandi.

Murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida sotuvchi bilan uchrashilib, unga yuzaga kelgan holat tushuntirilishi hamda iste’molchining betobligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinishi besamar ketmadi. Holatni to‘g‘ri tushunib yetgan sahovatli tadbirkor iste’molchi X.M. bilan tuzilganiga hali bir oy to‘lmagan shartnomani bekor qilib, sotilgan buyumlarni hech qanday e’tirozlarsiz qabul qilib oldi. Bu bilan esa iste’molchining murojaati to‘liq qanoatlantirilishi ta’minlandi.

Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment