Iste’molchi uchun qulay bankomat qanday bo‘lishi kerak?
Bankomatlar O‘zbekistonda naqd pul aylanmasi va to‘lov xizmatlarini yengillashtirish maqsadida bosqichma-bosqich joriy etildi. Bugungi kunda ular aholiga 24/7 xizmat ko‘rsatuvchi muhim infratuzilmaga aylandi. Biroq ularning samarali ishlashida iste’molchilar uchun yaratiladigan shart-sharoitlar hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Eng avvalo, bankomatlar doimiy ishchi holatda bo‘lishi, texnik nosozliklar tezkor bartaraf etilishi shart. Qurilmalarda yetarli miqdorda naqd pul mavjud bo‘lishi, turli nominallar ta’minlanishi lozim. Iste’molchilar xavfsizligi uchun bankomatlar yoritilgan, kuzatuv kameralari bilan jihozlangan joylarga o‘rnatilishi kerak.
Shuningdek, foydalanish bo‘yicha aniq va tushunarli yo‘riqnomalar, davlat tilida interfeys, chek berish imkoniyati bo‘lishi muhim. Naqd pul yechishda asossiz komissiyalar yoki texnik xatolar orqali mablag‘ ushlanishi holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Eng muhimi, muammo yuzaga kelganda tezkor aloqa markazi orqali masala hal etilishi iste’molchi huquqlarini ta’minlashning asosiy shartidir. Bankomatlardan foydalanish jarayonida yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha joyidan turib tegishli bankning call-markazi yoki mas’ul xodimiga murojaat qiling.
Shuning bilan birgalikda, bu boradagi iste’molchi huquqlaringiz buzilgan taqdirda Federatsiyaning respublika bo‘yicha yagona 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga haftaning dushanba-juma kunlari ish vaqtlarida murojaat qilishingiz, shuningdek sutkaning istalgan vaqtida telefoningiz brauzeridan https://murojaat.istemol.uz ni terib Federatsiyaga elektron murojaat yuborishingiz mumkin.



Post Comment