Sifatsiz mebel iste’molchi murojaati asosida almashtirib berildi

Sifatsiz mebel iste’molchi murojaati asosida almashtirib berildi

Yozyovon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro D. A. tomonidan xarid qilingan mebel mahsulotining sifati bo‘yicha murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaat tegishli tartibda o‘rganilib, qonunchilik doirasida amaliy choralar ko‘rildi.

Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi 2025 yil aprel oyida tuman hududida joylashgan buyum bozoridagi mebel savdo do‘konidan 7 800 000 so‘m evaziga mebel to‘plamini og‘zaki kelishuv asosida xarid qilgan. Biroq qisqa muddat ichida mahsulotning sifati past ekani kuzatilib, jumladan, uning ayrim qismlari ko‘chib ketgan.

Mazkur holat yuzasidan Yozyovon tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish davomida tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari hamda sotuvchi va iste’molchining huquq va majburiyatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, sotuvchi tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchilik bartaraf etildi. Ya’ni, iste’molchiga sifati talabga javob bermaydigan mebel o‘rniga yangi, sifatli mebel to‘plamini tayyorlab berish va yetkazib berish majburiyati olindi. Natijada murojaatda ko‘tarilgan masala ijobiy hal etilib, iste’molchi tomonidan murojaatini o‘rganish natijalaridan qoniqish hosil qilganligi, qo‘shimcha e’tirozlari mavjud emasligi ma’lum qilindi.

Iste’molchilarga eslatib o‘tamiz: agar xarid qilingan tovar sifati talabga javob bermasa, uni almashtirish yoki yetkazilgan zararni qoplatish huquqingiz mavjud. Bu kabi holatlarda hududlardagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment