Sifatsiz xizmat oqibati bartaraf etildi: iste’molchi manfaati ta’minlandi
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida yashovchi fuqaro T.K.ning tomonidan temir darvoza tayyorlash xizmati sifatidan norozilik bildirib qilingan murojaat tegishli tartibda o‘rganildi. Mazkur murojaat asosida tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan atroflicha tekshiruv ishlari olib borildi.
Iste’molchiga ko‘ra, u shu yilning 13 aprel kuni tuman hududidagi «Chorshanba bozori»dan xonadoni uchun temir darvoza tayyorlatish maqsadida 7 380 000 so‘m to‘lab, buyurtma bergan. Biroq oradan qisqa vaqt o‘tib, tayyorlangan darvozaning sifati talab darajasida emasligi kuzatilgan, ya’ni yupqa materialdan ishlangani sababli uning ayrim qismlari yorilib ketgan.
O‘rganish jarayonida mutaxassislar tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi usta (ijrochi) faoliyati joyiga chiqib ko‘rildi va haqiqatan ham buyum sifatsiz materialdan tayyorlangani tasdiqlandi. Shu munosabat bilan ijrochiga amaldagi qonunchilik, jumladan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun normalari asosida tushuntirish ishlari olib borildi. Unga iste’molchi oldidagi majburiyatlari, sifatli xizmat ko‘rsatish talabi hamda kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Natijada usta tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tan olinib, fuqaroga sifatli materiallardan yangi temir darvoza tayyorlab berish majburiyati olindi hamda ushbu ishlar amalga oshirilib, murojaatchiga qaytadan sifatli darvoza o‘rnatib berildi.



Post Comment