Iste’molchi huquqlari va milliy qadriyatlar uyg‘unligi — Quvasoyda ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Iste’molchi huquqlari va milliy qadriyatlar uyg‘unligi — Quvasoyda ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Quvasoy shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati hamkorligida O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan shahardagi 8-umumta’lim maktabida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbir ta’lim muassasasida “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan o‘tkazilayotgan bayram dasturi bilan uyg‘un tarzda davom etdi.

Tadbir avvalida maktab o‘quvchilari tomonidan Vatan ozodligi, yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasiga bag‘ishlangan badiiy chiqishlar, shuningdek mehnat va urush faxriylariga ehtirom ruhidagi konsert dasturlari namoyish etildi. Shu bilan birga, sportchi yoshlar jamoasining ko‘rgazmali chiqishlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirning asosiy qismida mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mazkur qonunning ahamiyati, shuningdek qonun asosida Federatsiya tizimida olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, iste’molchilarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa yosh avlod o‘rtasida huquqiy bilimlarni keng targ‘ib etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Ayniqsa, tadbirda ishtirok etgan hindistonlik mutaxassis doktor Txatxa Molli tomonidan Hindiston tajribasi asosida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida bildirilgan fikr-mulohazalar yig‘ilganlarda katta qiziqish va taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida Federatsiyaning Quvasoy shahridagi tizim faollariga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Mazkur tadbir yoshlarda huquqiy madaniyatni shakllantirish, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash hamda iste’molchilik madaniyatini oshirishga xizmat qildi.

Post Comment