Issiqlik xizmati sifatsiz bo‘lsa, iste’molchi haq to‘lamasligi mumkin

Issiqlik xizmati sifatsiz bo‘lsa, iste’molchi haq to‘lamasligi mumkin

Fuqarolarning kommunal xizmatlardan sifatli foydalanish huquqini ta’minlashda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tomonidan amalga oshirilayotgan huquqiy yordam o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Ana shunday holatlardan biri Marg‘ilon shahrida yashovchi ikki nafar iste’molchining murojaati asosida sud orqali ijobiy hal etildi.

Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati fuqarolar X.P va T.O. manfaatlarini ko‘zlab Farg‘ona viloyati Issiqlik manbai MChJga nisbatan sudga da’vo arizasi kiritdi. Murojaatda ular yashab turgan ko‘p qavatli uylarga 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumida issiqlik ta’minoti belgilangan me’yorda yetkazib berilmaganiga qaramasdan, kommunal qarzdorlik va penya hisoblangani qayd etildi.

Sud jarayonida da’vogarlar issiqlik ta’minoti yetarli bo‘lmagani haqida bir necha bor murojaat qilganliklari, mazkur holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgani hamda hisoblangan qarzdorlik asossiz ekanini ma’lum qildi. Javobgar vakili ham dalolatnoma mavjudligini tan olib, qarzdorlikning ma’lum qismi qayta hisoblanganini bildirdi.

Ish materiallarini har tomonlama o‘rgangan sud O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalari talablarini tahlil qildi. Ushbu qoidalarga muvofiq, issiqlik ta’minotida uzilish yoki belgilangan parametrlardan chetlanish aniqlansa, yetkazib berilmagan xizmat uchun qayta hisob-kitob amalga oshirilishi lozim.

Sud muhokamasida 2026 yil fevral oyida tuzilgan dalolatnoma muhim dalil sifatida baholandi. Unda Marg‘ilon shahridagi mazkur ko‘p qavatli uyga 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumida issiqlik yetarli darajada yetkazib berilmagani qayd etilgan. Shu asosda sud iste’molchilarning da’vosini qisman qanoatlantirib, ularga hisoblangan kommunal qarzdorlikning 50 foizidan ozod qilish haqida qaror qabul qildi. Shuningdek, javobgar korxonadan davlat foydasiga davlat boji ham undirilishi belgilandi.

Mazkur sud qarori iste’molchilar uchun muhim huquqiy ahamiyatga ega. Chunki kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar xizmatni shartnoma va qonunchilikda belgilangan sifat darajasida ko‘rsatishi shart. Agar xizmat sifatsiz ko‘rsatilsa yoki umuman ko‘rsatilmasa, iste’molchi qayta hisob-kitob talab qilish, zarur hollarda esa o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilish huquqiga ega.

Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan ko‘rsatilgan huquqiy yordam natijasida mazkur ishda iste’molchilarning qonuniy manfaatlari himoya qilinib, ularning buzilgan huquqlari sud tartibida tiklandi. Bu esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi amalda samarali ishlayotganining yana bir yorqin namunasidir.

Post Comment