Onlayn xarid oqibatida yuzaga kelgan muammo hal etildi
Bugun onlayn savdo hayotimizning odatiy qismiga aylanib bormoqda. Telefon orqali buyurtma berish, mahsulotni qisqa vaqt ichida qabul qilib olish va uydan chiqmagan holda xaridni amalga oshirish — katta qulaylik. Ammo onlayn xaridda ham iste’molchi o‘z huquqlarini bilishi va mahsulotni qabul qilib olish jarayonida e’tiborli bo‘lishi kerak.
Bunga Yozyovon tumanida o‘rganilgan bir murojaat misolida ham yaqqol ishonch hosil qilish mumkin.
Yozyovon tumani Qo‘rg‘oncha MFYda yashovchi fuqaro T.J. onlayn savdo orqali suv nasosi — Karcher mahsulotini xarid qilishga qaror qiladi.
Hujjatlarga ko‘ra, u 2026 yil 2 avgust kuni onlayn savdo orqali mazkur mahsulotni 187 000 so‘mga buyurtma qilgan. 4 avgust kuni buyurtma «UZUM MARKET»ning Yozyovon filialidan qabul qilib olingan.
Muammo shunda boshlanganki, xaridor mahsulotni filialning o‘zida ochib, ishlatib ko‘rishni imkonini qila olmagan. Shundan so‘ng u mahsulotni uyiga olib borib, ochib ko‘rganida, suv nasosining ishlamasligi — ya’ni nuqsonli ekani ma’lum bo‘lgan.
Xaridor shu kunning o‘zida mahsulotni yana savdo nuqtasiga olib borib, uni qaytarish yoki to‘lagan pulini qaytarishni so‘ragan. Ammo filial xodimlari mahsulotni qabul qilib olishmagan va xaridorning talabini qanoatlantirishmagan.
Shundan so‘ng fuqaro Yozyovon tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat qilgan.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida jamiyat xodimlari tomonidan «UZUM MARKET» mas’ullari bilan bog‘lanilib, mahsulotning nosozligi yuzasidan elektron tarzda ham murojaat qoldirildi. O‘rganish natijasida esa iste’molchining talabi qanoatlantirildi, suv nasosi qaytarib olinib, fuqaroga 187 000 so‘m mablag‘i to‘liq qaytarildi.
Ushbu voqea oddiy, ammo juda muhim bir haqiqatni ko‘rsatadi: onlayn xaridda ham iste’molchining huquqlari himoyasiz qolmaydi.
Ayniqsa, texnik jihatdan murakkab yoki ishlashini tekshirish talab etiladigan mahsulotlarni qabul qilib olayotganda imkoni bo‘lsa, uni tashqi ko‘rinishi, butligi va ishlash holati bo‘yicha tekshirib olish muhim.
Agar mahsulotda nuqson aniqlansa:
— mahsulotni qabul qilganingiz yoki nuqsonni aniqlaganingiz haqidagi dalillarni saqlang;
— buyurtma, to‘lov va yetkazib berishga oid ma’lumotlarni o‘chirib yubormang;
— sotuvchiga muammo haqida yozma yoki elektron tarzda murojaat qiling;
— mahsulotni qaytarish yoki qonuniy talabingizni bildirishdan cho‘chimang;
— talabingiz bajarilmasa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga murojaat qiling.
Eng muhimi, «pulim oz edi, ovora bo‘lib nima qilaman», degan qarashdan voz kechish kerak. Yuqoridagi holatda gap 187 ming so‘m haqida borgan bo‘lsa-da, masalaning mohiyati faqat pulda emas. Gap iste’molchining qonuniy huquqi va sotuvchining o‘z majburiyatlarini bajarishida.
Onlayn savdo iste’molchiga qulaylik yaratadi. Biroq mahsulotni ekranda fotolarini ko‘rib tanlash bilan uni qo‘lga olish o‘rtasida farq bor. Rasmda yaxshi ko‘ringan mahsulot amalda nuqsonli chiqishi mumkin.
Shuning uchun xaridor «buyurtma berdim — demak, ish bitdi» deb emas, «mahsulotni qabul qildim — endi uning sifati va huquqlarimga ham e’tibor beraman» degan yondashuvda bo‘lishi kerak.
Mazkur murojaat esa yana bir muhim jihatni ko‘rsatdi: iste’molchi o‘z haq-huquqini talab qilganda va muammo yuzasidan tegishli tartibda murojaat qilganda, masalani qonuniy yo‘l bilan hal qilish imkoni bor.
Xulosa shu: onlayn xaridda ehtiyotkor bo‘ling, hujjat va dalillarni saqlang, mahsulotda nuqson aniqlansa esa huquqingizni talab qilishdan qo‘rqmang. Sifatsiz tovar uchun to‘langan mablag‘ni qaytarish — imtiyoz emas, iste’molchining qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalasidir.



Post Comment