Dorini onlayn xarid qilish mumkinmi? Qonun nima deydi?
Bugungi kunda internet orqali turli tovar va xizmatlarni xarid qilish odatiy holga aylandi. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, maishiy texnika qatorida dori vositalari va tibbiy buyumlarga ham onlayn buyurtma berish imkoniyatlari paydo bo‘lmoqda. Ammo bu yerda muhim savol tug‘iladi: O‘zbekistonda dorilarni internet orqali xarid qilish mumkinmi?
Qisqa javob — mumkin, ammo belgilangan qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilingan holda.
Dori har qanday onlayn sahifada sotilishi mumkin emas
Amaldagi tartibga ko‘ra, dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizasiya qilish faqat dorixonalar va ularning filiallari tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlarni dorixonalardan tashqarida sotish taqiqlangan.
Shu bois, internet orqali dori xarid qilayotganda, eng avvalo, mahsulotni taklif qilayotgan sub’ektning qonuniy dorixona ekaniga e’tibor qaratish lozim.
Ya’ni, ijtimoiy tarmoqlardagi har qanday shaxsiy sahifa yoki kimligi aniq bo‘lmagan akkauntning dori sotishi uni qonuniy dorixona sifatida qabul qilish uchun yetarli asos bo‘lmaydi.
Elektron tijorat orqali sotishga ruxsat bor
Qonunchilikda elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizasiya qilish nazarda tutilgan. Bunda ularni saqlash va yetkazib berish tartibi hamda belgilangan talablarga qat’iy rioya qilinishi shart.
Bu talab bejiz emas. Chunki ayrim dori vositalari muayyan harorat, namlik va boshqa maxsus saqlash sharoitlarini talab qiladi. Noto‘g‘ri saqlash yoki tashish dori vositasining sifatiga va xavfsizligiga ta’sir qilishi mumkin.
Shuning uchun iste’molchi onlayn buyurtma berishda faqat dori narxiga emas, balki uni kim sotayotgani, qanday sharoitda yetkazib berilayotgani va mahsulotning qonuniy muomalada ekaniga ham e’tibor qaratishi kerak.
Reseptli doriga resept talabi saqlanadi
Onlayn buyurtma qilish imkoniyati resept bilan beriladigan dori vositalarini reseptsiz xarid qilish mumkinligini anglatmaydi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, dori vositalarini chakana realizasiya qilish resept bo‘yicha yoki reseptsiz amalga oshiriladi. Resept davolovchi shifokor tomonidan beriladi.
Demak, agar dori vositasi resept asosida beriladigan toifaga kirsa, uni xarid qilishda ham belgilangan resept tartibiga rioya qilinishi lozim. Internet orqali buyurtma berish bu talabni bekor qilmaydi.
Qanday dori vositalari qonuniy sotilishi mumkin?
O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yoki dorixonalar tomonidan belgilangan tartibda tayyorlangan dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizasiya qilishga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, sifati tasdiqlanmagan yoki muomalaga qonunga xilof ravishda kiritilgan mahsulotlardan ehtiyot bo‘lish zarur. Xususan, sifati buzilgan, yaroqlilik muddati o‘tgan, qalbakilashtirilgan, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan dori vositalari va tibbiy buyumlarni xarid qilish hamda chakana realizasiya qilish taqiqlangan. Sertifikatlanishi lozim bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatisiz sotishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Onlayn xaridda iste’molchi nimalarga e’tibor berishi kerak?

Dori vositasiga onlayn buyurtma berishdan oldin quyidagilarni tekshirish maqsadga muvofiq:
Birinchidan, sotuvchi kim?
Dorini taklif qilayotgan sub’ekt qonuniy faoliyat yuritayotgan dorixona ekanini aniqlash muhim. Dorixonalar farmasevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan lisenziyaga oid ma’lumotlarni iste’molchilar tanishishi uchun qulay tarzda joylashtirishi lozim.
Ikkinchidan, dori haqida yetarli ma’lumot bormi?
Dorining nomi, dozasi, qadoqlanishi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor berish zarur. Dori vositasini xarid qilishda iste’molchi uning sifati va narxiga oid ma’lumotlarni olish huquqiga ega.
Uchinchidan, yaroqlilik muddatini tekshiring.
Yaroqlilik muddati o‘tgan yoki sifati shubha uyg‘otadigan dori vositalarini xarid qilmang.
To‘rtinchidan, resept talab qilinadimi?
Agar dori resept asosida beriladigan bo‘lsa, uni reseptsiz olishga urinish to‘g‘ri emas. Onlayn buyurtma berish ham belgilangan tartibni chetlab o‘tish vositasi bo‘la olmaydi.
Beshinchidan, yetkazib berish sharoitiga qiziqing.
Ayniqsa, maxsus harorat yoki saqlash sharoitini talab qiladigan dori vositalarini yetkazib berishda belgilangan talablarga rioya qilinishi muhim. Elektron tijorat orqali realizasiyada saqlash va yetkazib berish talablariga qat’iy amal qilinishi shart.
Oltinchidan, xaridni tasdiqlovchi hujjatni saqlang.
Dori vositasi yoki tibbiy buyum sotilganda tovar chekida mahsulotning identifikasiya ma’lumotlari, uni bergan shaxs haqidagi ma’lumotlar, berish sanasi va narxi ko‘rsatilishi belgilangan. Bunday hujjatlar keyinchalik nizoli holat yuzaga kelganda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Dori vositalarini qaytarish mumkinmi?
Bu masala ham o‘ziga xos huquqiy tartibga ega. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, dorixonadan realizasiya qilingan dori vositalari va tibbiy buyumlar qaytarib olinmaydi hamda shunga o‘xshash dori vositalari va tibbiy buyumlarga almashtirilmaydi.
Shu sababli dori xarid qilishdan oldin uning nomi, dozasi, miqdori va boshqa muhim xususiyatlarini yana bir bor tekshirish maqsadga muvofiq.
Biroq mazkur qoida iste’molchini har qanday holatda huquqiy himoyadan mahrum qilmaydi. Agar mahsulot sifati, uning qonuniyligi yoki sotish jarayoni bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari mavjud bo‘lsa, masala alohida huquqiy baholanishi lozim.
Ijtimoiy tarmoqlardagi “dori sotuvchilari”dan ehtiyot bo‘ling
Bugun Telegram, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda turli dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar va tibbiy mahsulotlar taklif qilinadi. Ayrim hollarda sotuvchining kimligi, mahsulotning kelib chiqishi, sifati va saqlash sharoiti haqida to‘liq ma’lumot bo‘lmaydi.
Shuning uchun “narxi juda arzon”, “100 foiz davolaydi”, “shoshiling, oxirgi dona” kabi va’dalarning o‘zi mahsulotni xarid qilish uchun yetarli asos emas.
Iste’molchi, avvalo, mahsulotni kim taklif qilayotganini, uning qonuniy dorixona bilan bog‘liqligini hamda dori vositasi haqida zarur ma’lumotlar mavjudligini tekshirishi lozim.
Xulosa qilib aytganda…
O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy buyumlarni elektron tijorat orqali xarid qilish mumkin. Ammo bunda ularni chakana realizasiya qilishga oid qonunchilik talablari, dori vositalarini saqlash va yetkazib berish qoidalari, shuningdek, resept bilan beriladigan dorilarga nisbatan belgilangan tartiblarga rioya qilinishi shart.
Shuning uchun onlayn dori xarid qilayotganda “qaerdan arzon?” degan savol bilan cheklanmasdan, “sotayotgan sub’ekt faoliyati qonuniymi?”, “dori haqiqiymi?”, “saqlash va yetkazib berish talablariga rioya qilinganmi?” degan savollarga ham javob izlash kerak.
Sog‘liq bilan bog‘liq mahsulotni xarid qilishda xabardorlik — eng muhim himoya vositalaridan biridir.
Shaxnoza Valiyeva,
Quvasoy shahar jamiyati raisi.



Post Comment