«Istiqlol» mahallasida iste’molchilar huquqlari bo‘yicha seminar o‘tkazildi

«Istiqlol» mahallasida iste’molchilar huquqlari bo‘yicha seminar o‘tkazildi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi hamda birlashmaning Toshloq tuman jamiyati hamkorligida tumandagi «Istiqlol» mahalla fuqarolar yig‘inida aholi vakillari ishtirokida seminar tashkil etildi.

Tadbirda iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholining huquqiy bilimi va moliyaviy savodxonligini oshirish, kundalik hayotda uchrayotgan muammoli holatlarga to‘g‘ri yondashish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, shartnoma tuzishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar hamda xarid va xizmatlardan foydalanish jarayonida o‘z huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Seminar Qo‘mitaning tegishli buyrug‘ida belgilangan vazifalar asosida, aholi, ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qiyin vaziyatga tushgan fuqarolar va uy bekalarining huquqiy xabardorligi hamda moliyaviy savodxonligini yuksaltirish maqsadida mahallalarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot-tadbirlarning navbatdagisi bo‘ldi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar olib, iste’molchilik munosabatlarida huquq va majburiyatlarni bilishning ahamiyati yuzasidan fikr almashdilar.

Zero, o‘z huquqini bilgan va moliyaviy masalalarda to‘g‘ri qaror qabul qiladigan iste’molchi o‘z manfaatlarini ishonchliroq himoya qila oladi.

Post Comment