Yetti o`lchab bir kes

Yetti o`lchab bir kes

Kunlar soviy boshlagach, o`z-o`zidan insonlarni qalin kiyim-bosh sotib olishga ehtiyoji ortadi. Nozimaxon ham issiqroq palto sotib olish maqsadida bozor tomon yo`l oldi. Bozordagi paltolarning narx-navosini ko`rib es-hushidan ayrilayozdi. Shunda birga borgan singlisi unga paltolik mato olib tikuvchiga tiktirishni va bu bilan ancha pulni tejab qolishi mumkinligini maslahat berdi.

Singlisining maslahatiga ko`ra palto uchun qalin mato sotib oldi va shu kunning o`zidayoq mahalla guzaridagi tikuvchi ayolga uni o`zi aytgan fasonda tikib berishini buyurtma qildi. Tikuvchi unga ketadigan qo`shimcha bezaklarni ham olib berishini aytdi. U bezaklarni va tikish uchun ketadigan ipni ham olib kelib, 3 kun muddat ichida tikib berishini iltimos qildi va tikuvchi rozi bo`ldi. Oradan 3 kun, 5 kun o`tdi hamki, palto bitavermadi. Nozimaning qistovi bilan 1 xafta deganda palto bitdi. Biroq uni kiyib ko`rganida, ozgina tor va o`lchanilganidan ancha kalta tikilganligi maʼlum bo`ldi. Tikuvchiga bunday kiyimni kiya olmasligini aytganida, tikuvchi uni qaytib olmasligini va hatto tikib berganligi uchun unga 75 000 so`m “tikish puli”ni qo`shib berishi shartligini aytdi. Xullas tikuvchi va buyurtmachi kelisha olishmadi.

Shundan so`ng isteʼmolchi Bag`dod tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xizmat telefoniga qo`ng`iroq qilib, vaziyatni tushuntirib, ushbu masalani hal etilishida amaliy yordam berishlarini so`radi.

Murojaat jamiyat xodimlari hamda tegishli tashkilot mutaxassislari ishtirokida o`rganilganida, isteʼmolchining eʼtirozlari o`rinli ekanligi maʼlum bo`ldi. Tikuvchi M.Jo`raevaga “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunning 19-moddasi talablari atroflicha tushuntirildi va isteʼmolchiga mato uchun ketgan 250 000 so`m, bezaklari uchun 25 000 so`m, jami 275 000 so`m mablag`ini qaytarilishiga erishildi.

Marg`ubaxon OLTIBOYEVА

Bag`dod tumani IHHQJ matbuot

va axborot mutaxassisi

Post Comment