Ichimlik suvi tа’minoti tiklаndi
O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Beshariq tuman jamiyati tomonidan Yosh avlod ko`chasida yashovchi fuqaro B.Tursunovning xonadonidagi tarmoqqa bir haftadan buyon toza ichimlik suvi kelmayotganligidan norozi bo`lib Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o`rganildi.
– Biz yashab turgan hududdagi ko`plab xonadonlarga toza ichimlik suvi kelmay qoldi. Bu borada mahalla fuqarolar yig`iniga qilgan murojaatimdan natija bo`lavermagach, Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qildim, – deydi B.Tursunov.
Murojaatni to`laqonli o`rganib chiqilishini taʼminlash maqsadida o`rganish ishlariga soha mutaxassislari ham jalb qilindi. Joyida o`tkazilgan o`rganishlardan maʼlum bo`lishicha, o`sha kunlarda ob-havoda kuzatilgan keskin o`zgarishlar oqibatida elektr taʼminotida tez-tez uzilishlar sodir bo`lgan. Natijada hududni toza ichimlik suvi bilan taʼminlab beruvchi suv nasosi ishlamay qolgan. Yuzaga kelgan holat bartaraf etilib, ishdan chiqqan suv nasosini vaqtinchalik boshqa nasosga almashtirish ishlari esa biroz kechikkan.
O`rganish ishlari davomida mazkur suv nasosi “Farg`ona suv taʼminoti” MChJ Beshariq tuman filiali masʼullari tomonidan yangisiga almashtirilib, aholi xonadonlariga toza ichimlik suvini bir maromda yetkazib berilishiga erishildi. Shuningdek, toza ichimlik suvini hisoblagichlarsiz va oylik meʼyoriy to`lov asosida isteʼmol qiladigan xonadonlardagi isteʼmolchilar o`rtasida turli tushunmovchiliklar va noroziliklar kelib chiqmasligi uchun, hududda nasos ishdan chiqib, suv yetkazib berilmay turilgan kunlar qayta hisob-kitob qilinib, mazkur xonadonlarning oylik to`lovlaridan chegirib tashlanadigan bo`ldi.
– Bizning pandemiya sharoitida qilgan murojaatimizni o`z vaqtida o`rganib chiqib, ijobiy hal etilishida o`zlarining beminnat mehnatini ayamagan tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari va tuman ichimlik suvi yetkazib beruvchi tashkiloti masʼullariga o`z minnatdorchiligimizni izxor etamiz, – deydi murojaatini o`rganish natijalari bo`yicha tuman jamiyatiga bergan minnatdorchilik xatida B.Tursunov. – Murojaatimimzni ijobiy hal etilishi natijasida bugun nafaqat mening xonadonim, balki shu tarmoqdan suv isteʼmol qiluvchi 17 ta xonadonga ham toza ichimlik suvi taʼminoti tiklandi.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaatini o`rganilishi doirasida har ikki tomon, ichimlik suvini yetkazib beruvchi korxona masʼullari va hudud fuqarolariga isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonunchilik asoslarining targ`iboti ham o`tkazildi.
Ulug`bek JURАEV
Beshariq tuman IHHQ jamiyati bosh mutaxassisi
Post Comment