Qo`shtepada “Iste’molchi kutubxonasi” ochildi

Qo`shtepada “Iste’molchi kutubxonasi” ochildi

O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiya tomonidan “Isteʼmolchilar uyi” hamda “Isteʼmolchi kutubxonasi” loyihasi ishlab chiqilgan bo`lib, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh muhim tashabbus”ni hayotda izchil tatbiq etish maqsadida qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida shu kunga qadar – Oltiariq, Qiziltepa, Rishton, Sariosiyo, Uzun, Bog`dod, Farg`ona, Koson, Olot, Dehqonobod tumanlarida hamda Farg`ona va Marg`ilon shaharlarida 14 ta barcha qulayliklarga ega bo`lgan, ko`rkam va shinam majmualar bunyod etildi. Yil oxiriga qadar yana 8 ta ana shunday maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari ishga tushiraladi. Ularda yuzga yaqin yosh o`g`il va qizlarning ish bilan taʼminlanishiga erishildi.

13 noyabr kuni Farg`ona viloyati Qo`shtepa tumanida ham zamonaviy uslubda qurilgan, o`ziga xos innovatsion yechimga ega va 4 mingdan ortiq kitoblarga ega bo`lgan “Isteʼmolchi kutubxonasi” ning tantanali ochilishi bo`lib o`tdi. Mazkur binoda tashkil etilgan “Isteʼmolchi kutubxonasi” fondidan O`zbekiston Respublikasi qonunlari va isteʼmolchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlar, siyosiy-iqtisodiy qo`llanmalar, maʼrifiy, badiiy, ilmiy ommabop kitoblar, respublikamizda nashr qilinadigan qiziqarli va ijtimoiy-siyosiy gazeta-jurnallar o`rin olgan.

Bundan tashqari, isteʼmolchilarning huquqiy savodxonligini mustahkamlash maqsadida Federatsiya hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan 16 turdagi yuridik adabiyotlar turkumi ham taqdim etiladi. Ilk bora 100 ming donadan iborat elektron kitoblar bazasini ham shakllantirilib, o`quvchilar pandemiya sharoitida kitoblarni elektron formatda arzon narxda masofadan turib xarid qilishi mumkin.

Shu bilan birga, kutubxonada zamonaviy “Book cafe” va bepul Wifi tizimi hamda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi “eReader” elektron o`quv qurilmasi ham o`rnatilgan.

Qolaversa, kutubxonaning bitta xonasida bog`cha yoshidagi bolalar uchun sharoit yaratilgan bo`lib, «Jajji isteʼmolchi» deb nomlanadigan ushbu xonada yosh bolasi bilan kelgan ota-onalarning 5-6 yoshgacha bolalari u yerda o`yinchoqlar va turli o`yinlar o`ynab vaqtlarini mazmunli o`tkazishlari mumkin. Bu esa kutubxonaga farzandi bilan tashrif buyurgan ota yoki onaga kitob tanlash yoki kitobni shu yerda biroz mutolaa qilishiga sharoit yaratishni ko`zda tutadi.

Bir so`z bilan aytganda, bu kabi maskanlar yosh avlodning maʼnaviy tafakkurini boyitish uchun imkoniyatlar beshigi vazifasini o`taydi.

“Isteʼmolchi kutubxonasi”ni ochilish marosimida Qo`shtepa tumani hokimi I. Novikov, O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J. Sarimsoqov, to`rtta sektor rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Ochilish marosimida tuman hokimi Ilyos Novikov, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Ibroximjon Sultonov, Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov va boshqa masʼul rahbarlar so`z olib, kitob va kitobxonlikning insonni har tomonlama kamol topishidagi o`rni va ahamiyati, Prezidentimiz Sh. Mirziyoev tomonidan mazkur sohaning rivojiga qaratilayotgan katta eʼtibor, joylarda aholi, birinchi navbatda yoshlar o`rtasida kitob mutolaasini keng targ`ib qilish bo`yicha olib borilayotgan ishlar borasida gapirib o`tdilar.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

 

Post Comment