Tovar (ish, xizmat)dan foydalanish yo‘riqnomasi talablariga amal qilishni ham unutmaslik kerak
Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan Quva tumani Xo‘ja Xasan qishlog‘ida yashovchi I.Tojiboevning murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida bayon qilishicha, u “QUVASOYSHIFER HRIZOTIL” MChJda ishlab chiqarilgan 200 dona shifer mahsulotlarini sotib olgan. Shiferlar tomga qoqilgach, ulardan 96 tasi darz ketgan. Iste’molchining ushbu masalada korxona mas’ullariga qilgan murojaati qanoatlantirilib, darz ketgan shiferlar almashtirib berilgan. Biroq oradan ma’lum vaqt o‘tgandan keyin tomga qoqilgan shiferlardan yana bir nechasi darz ketadi. Holat bo‘yicha ishlab chiqaruvchi vakili ishtirokida dalolatnoma ham tuziladi. Almashtirish ishlari biroz cho‘zilayotganligidan xavotirga tushgan fuqaro shahar jamiyatiga ushbu masalada amaliy yordam so‘rab murojaat qiladi.
Iste’molchi murojaatini o‘rganish davomida mazkur masalada korxonadan olingan rasmiy javobda shiferlarni tomga o‘rnatish ishlari o‘rnatish normalari talabi asosida bajarilmaganligi (korroziyaga qarshi po‘latdan yasalgan maxsus shifer mixidan foydalanmaslik, shifer listlarini maxsus uskuna (drel’) yordamida teshilmaganligi, teshiklar mix o‘lchamidan 2-3 mmga ortiq bo‘lishiga e’tibor qaratilmaganligi, sakkiz to‘lqinli shifer mahsuloti yotqizilishida mixlar 2 va 6-to‘lqinlarga talab darajasida qotirilmaganligi, mix qoqishda qo‘shimcha izolyasiya sifatida rezina yoki plastik shaybadan foydalanilmagani) natijasida yuqoridagi nuqsonlar kelib chiqqanligi haqida tushuntirishlar berildi. Shunday bo‘lsada, korxona tomonidan fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatilib, 70 dona shifer almashtirib berilganligi ham ma’lum qilindi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘rganish ishlari natijasida ushbu holatda fuqaroga nuqsonli tovarni almashtirib berilishi bilan unga joriy narxlarda olinganda 2 940 000 so‘m miqdorida moddiy zarar yetishining oldi olindi. Biroq fursatdan foydalanib, iste’molchilarimizga shuni ham eslatib o‘tishimiz joizki, tovarlar sotib olayotganda, ish, xizmatlarga buyurtma berganda mazkur tovar (ish, xizmat)dan foydalanish yo‘riqnomasi talablariga ham amal qilish lozim bo‘ladi. Aks holda, yuzaga keladigan holatda iste’molchi aybdor bo‘lib qolib, ham moddiy, ham ma’naviy zarar ko‘rib qolishiga sabab bo‘ladi.
Qunduzxon Zakirova
Quvasoy shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment