Beshariq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan tumanda yashovchi fuqaro A.Xayitovning Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaati o‘rganildi. Fuqaro murojaatida tumangaz idorasi tomonidan unga 750000 so‘m miqdorida qarz majburiyati yuklatilayotganligidan noroziligini ma’lum qilgan.
“Hududgaz Fargona” GTF Beshariq tuman bo‘limi mutaxassislari bilan birgalikda fuqaroning xonadonida hamda gaz idorasining mijozlar bo‘limida olib borilgan o‘rganishlar fuqaro xonadoni 2019 yil fevral’ oyidan gaz hisoblagich uskuna ko‘rsatkichi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirib kelayotganligini ko‘rsatdi. Xonadonning 2019 yilning 1 yanvar’ holatiga 84414,18 so‘m qarzdorligi mavjud bo‘lgan.
Gaz idorasi bazasida xonadon shaxsiy hisob raqami hisoblagich ko‘rsatkichi 4211,0 m3 ni tashkil qilsada, xaqiqatda xonadondagi mavjud hisoblagich ko‘rsatkichi 2805,899 m3ni qayd etmoqda. O‘rtadagi tafovut esa 1406,0 m3. Agar mazkur tavofut 1 m3 tabiiy gaz iste’moli uchun bugungi tariflarda, ya’ni 380 so‘mdan hisob-kitob qilinganda xonadonga 534280 so‘m ortiqcha qarzdorlik hisoblanganligi oydinlashadi. Aslida xonadondagi amaldagi hisoblagichning haqiqiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshirilganda, 2021 yilning iyun’ oyi holatiga iste’molchining 88621,7 so‘m qarz majburiyati mavjud.
Bunday tavofut qaerdan kelib chiqdi? O‘rganish ishlari vaqtida tumangaz idorasi mas’ullarining ma’lum qilishlaricha, so‘ngi paytlarda shtat birliklarining qisqarishi hisobiga fuqarolar xonadonlarida tabiiy gaz iste’moli va uning hisoblagich bo‘yicha ko‘rsatkichlarini xatlov asosida qayd etib borish kechikmoqda va uning natijalarini dasturiy bazaga kiritib borishda muammolar yuzaga kelmokda.
O‘rganish doirasida mas’ullarga va fuqaroga amaldagi qonunchilik asoslari targ‘iboti olib borilib, ularga xizmat ko‘rsatuvchi va iste’molchi sifatidagi huquq va majburiyatlari ham tushuntirildi.
So‘ngso‘z o‘rnida. Bugungi kunda xonadonlardagi tabiiy gaz iste’moli hisobini yangi, zamonaviy tipdagi gaz hisoblagich uskunalar vositasida olib borilishi uchun viloyat bo‘yicha barcha iste’molchilarning gaz hisoblagich uskunalari bosqichma-bosqich almashtirib borilmoqda. Mas’ullarning ma’lum qilishlaricha, mazkur avtomatlashtirilgan tizimning joriy qilinishi bilan, tizimda inson omilining ta’siri yanada kamaytirilib, iste’mol ko‘rsatkichlari onlayn tarzda qayd etib boriladi. Bu esa nafaqat idora xodimlarining ko‘chama-ko‘cha, xonadonma-xonadon sarson bo‘lishlarini oldini oladi, balki xonadon va idora bazasi ko‘rsatkichlaridagi tafovutlarni ham bartaraf qiladi.
Baxtiyor Jo‘rayev
Besharik tumani IHHQJ mutaxassisi
Post Comment