Iste’molchiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan moddiy zararning oldi olindi
Rishton tumani Uzun ko‘cha mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi I.Sultonov O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarni himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining PotrebitelUz_bot telegramm boti orqali murojaat yo‘llagan.
Murojaatda keltirilishicha, u 2020 yil dekabr’ oyida “Zoxidon yigitlari” MChJga qarashli savdo do‘konidan “Quvasoy shifer zavodi” MChJda ishlab chiqarilgan 200 dona shifer xarid qilib olib qo‘ygan. Shu yilning avgust oyida xonadoni tom qismiga yopilgan shiferlardan 50 tasi oradan bir necha kun o‘tib yorilib ketgan.
Murojaatni taaluqligi bo‘yicha Rishton tuman iste’molchilar huquqlarnii himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida shifer ishlab chiqaruvchi korxona rahbariyati nomiga ham so‘rov xati yuborilib, unda o‘rganish ishlarida korxonadan bir nafar malakali mutaxassis ishtirok etishi so‘raldi.
O‘rganish davomida esa, mazkur mutaxassis ishtirokida, iste’molchi xonadonidagi yorilgan shiferlar bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirildi va o‘rganuv kunining ertasiga iste’molchiga nuqsonli shiferlar o‘rniga yangi, sifatli 50 dona shifer mahsuloti yetkazib berilishiga erishildi. Natijada iste’molchiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan 2 mln so‘mlik moddiy zararning oldi olindi.
Xusniddin Latipov
Rishton tumani jamiyati mutaxassisi
Post Comment