Xalqimizga oz bo‘lsada yordamimiz tegayotganligidan xursandmiz
Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mas’ullari tomonidan hududdagi tashkilot, korxona va muassasalarda sohaga oid qonun hujjatlarini keng targ‘ib qilish, aholining iste’mol madaniyatini oshirishga qaratilgan ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, tadbirlar doirasida aholi vakillarini qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarib borish barobarida qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar ham qayd qilib borilmoqda. Mazkur murojaatlar esa qonunlarda belgilangan tartib va muddatlarda o‘rganib chiqilib, fuqarolarga amaliy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.
Shunday murojaatlardan biri tuman fuqarosi Asrorbek Yo‘lchiev (familiya ismi o‘zgartirib berilmoqda) tomonidan berilgan va tegishli tartibda o‘rganib chiqilgan. Iste’molchi murojaatida 3 oy oldin tumanimizdagi savdo do‘konlaridan biridan televizori uchun 300 000 so‘mga tyuner sotib olganligini, sotib olingan yap-yangi tyuner uchinchi kuniyoq ishlamay qolganligini ma’lum qilgandi. Iste’molchi bizga murojaat qilishdan oldin ushbu masalada savdo do‘koniga murojaat ham qilgan, savdo do‘koni xodimi esa tyuner uchun servis xizmati ko‘rsatilmasligini, shuningdek u nuqsonli tovarni boshqasiga almashtirib bera olmasligini ham aytgan.
– Men savdo do‘koni xodimining ushbu muomalasidan norozi bo‘lib qaerga murojaat qilishni bilmay turganimda “O‘zbekiston” telekanali orqali namoyish etilgan “Munosabat” ko‘rsatuvi, “Tohir-Bag‘dod” televideniesi orqali berilgan videoroliklarni ko‘rib qoldim va menga yordam beradigan tashkilot shu ekan deya, sizlarga yordam so‘rab keldim, – degan edi fuqaro biz bilan suhbatda.
Uning murojaati yuzasidan tuman jamiyatimiz mutaxassislari J. Qo‘ziev va O. Sobirovlar savdo do‘koni rahbari bilan uchrashdilar va unga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni tegishli moddalari bo‘yicha tushuntirishlar berishlari natijasida iste’molchini sarson qilib kealyotgan muammoga o‘sha joyning o‘zida yechim topilib, nosoz tyuner boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berilgan.
Yana shunday iste’molchilardan biri o‘tkazilgan tadbirdan so‘ng tuman jamiyatimizga qo‘ng‘iroq qildi.
– Meni murojaatim “Toza hudud”dan, – dedi o‘zini I. Marasulova deb tanishtirgan ayol. – Biz yil boshida tumandagi “Toza hudud” DUK bilan shartnoma imzolaganmiz. Shartnoma shartlariga ko‘ra korxona maxsus transporti haftada bir marotaba mahallamizga kelib qattiq maishiy chiqindilarni olib ketishi, biz esa belgilangan summani o‘z vaqtida to‘lab borishimiz ko‘rsatib o‘tilgan. To‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashimizga qaramay korxonaning maxsus transporti belgilangan vaqtda kelmasdan, 1-1,5 oyda bir kelib, kamiga bir qopdan ko‘p chiqindi olmaymiz, deyishyapti. Shu masalaga oydinlik kiritib bersalaring.
Iste’molchi murojaati asosida tuman “Toza hudud” DUK mas’ullari bilan bog‘lanib, ular bilan amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari, shuningdek shartnoma munosabatlari bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Natijada murojaatda ko‘tarilgan masalani ijobiy hal qilinishiga erishildi.
Faoliyatimizdan yana bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin, albatta. Biz uchun eng asosiysi, tizimda olib borayotgan faoliyatimizdan xalqimizga oz bo‘lsada foydamiz tegayotganligidir.
Nargizaxon Sheralieva
Uchko‘prik tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment