Iste’molchining tovarni ta’mirlash uchun yonidan sarflagan mablag‘i sotuvchi hisobidan qoplab berildi
Namangan shahar Davlatobod tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro D.Kamoliddinovaning murojaati o‘rganilgan.
Murojaatda fuqaro maishiy texnikalar sotiladigan do‘kondan kredit shartnomasi asosida 1 dona qo‘l telefoni hamda dazmol sotib olganligini, lekin olingan maishiy texnika buyumlari uchun do‘kon ma’muriyati tomonidan kafolat muddati berilmaganligini bayon qiladi. Shuningdek, olingan buyumlardan foydalanish jarayonida dazmolning buzilib qolganligi va uni o‘z mablag‘i evaziga ta’mirlatganligini ham qo‘shimcha qilib, tovarda kuzatilgan nuqsonni bartaraf etish uchun sarflagan mablag‘ini sotuvchi tomonidan qoplab berilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, iste’molchi nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash bo‘yicha sotuvchiga talab qo‘yishi mumkin. Mazkur moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, mazkur talab kafolat muddati va yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha olti oy mobaynida qo‘yilishi mumkin.
Iste’molchi murojaatini tuman jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilishi jarayonida, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda hamda sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablarini tushuntirilishi natijasida, iste’molchi D.Kamoliddinovaning nuqsonli tovarni ta’mirlatish uchun o‘z yonidan sarflagan mablag‘ini sotuvchi hisobidan qoplab berilishiga erishildi.
Sobirova Shoxsanam
Davlatobod tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment