Iste’molchiga hisoblangan qarzdorlik asossiz bo‘lib chiqdi
O‘zbekiston tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Yaypan mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi N.S. ning ichimlik suvi ta’minotida yuzaga kelayotgan qarzdorliklardan norozi bo‘lib yozgan arizasi o‘rganildi. O‘rganish natijalari ichimlik suvi iste’molchisiga hisoblangan 766 000 (etti yuz oltmish olti ming) so‘m qarzdorlikning asossizligini ko‘rsatdi.
Murojaat egasiga ko‘ra, u istiqomat qiladigan ko‘chada ichimlik suvi tarmog‘i yo‘q. Shu sababli N.S. 22 yildirki, toza ichimlik suvini 2-3 kilometr uzoqlikdan tashib keladi. ”Farg‘ona suv ta’minot” MChJning O‘zbekiston tuman bo‘limi bilan ichimlik suvini yetkazib berish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma ham tuzilmagan. Lekin shunday bo‘lsada, ichimlik suvini yetkazib beruvchi korxona tomonidan uning xonadoniga nisbatan qarzdorlik hisoblangan.
Murojaatni ichimlik suvini yetkazib beruvchi korxona mas’ullari bilan hamkorlikda o‘rganish jarayonida iste’molchining vajlari asosli ekanligi, uning xonadoniga hisoblangan qarzdorlik esa korxona mijozlari komp’yuter bazasiga noto‘g‘ri ma’lumot kiritilishi oqibatida kelib chiqqanligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish yakunlari bilan iste’molchiga nisbatan hisoblangan «qarzdorlik» komp’yuter bazasidan chiqarilib, uning zimmasidan soqit qilinadigan bo‘ldi.
Isomiddin Abbasov
O‘zbekiston tumani IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment