Avtomashina uchun to‘langan umumiy pul summasidan magnitolaning puli chegirildi
Farg‘ona viloyati Quva tumani Paxtakor mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro S.S. Marg‘ilon shahrida faoliyat olib borayotgan «As-servis» avtosaloni bilan Lacetti/Gentra rusumli avtomobil uchun shartnoma tuzadi. Belgilangan muddatlar o‘tib, avtomashina qo‘liga tekkanida esa …
Iste’molchi sotuvchi tomonidan belgilangan to‘lovni 02.08.2021 yil kuni to‘lab, avtomashinani avtosalondan olib chiqqunigacha besh oy muddat o‘tgan. Xullas, 2022 yilning 24 yanvarida yap-yangi avtomashinani iste’molchi qo‘liga topshirilishidan oldin avtosalon mas’ullari unga avtomashinaning magnitolasi yo‘qligi, ishlab chiqaruvchi korxonadan shu tarzda yetkazib berilgani, shu sababli magnitola pulini iste’molchi tomonidan to‘langan umumiy puldan chegirib berilishini yoki yana bir oz muddat kutsa magnitola o‘rnatilgan avtomobillar yetib kelib qolishi ham mumkinligini tushuntiradilar. Agar iste’molchi birinchi variantni tanlasa, ya’ni magnitolani pulini chegirib berilishini istasa unda avtosalonga bu haqda ariza yozib berishi kerakligini ham aytib o‘tadilar.
Shundan so‘ng iste’molchi tomonidan belgilangan tartibda ariza yozib berilgan va avtosalon mas’ullarini uni qbaul qilib olgan bo‘lsalarda, oradan ma’lum vaqt o‘tgach ushbu pul summasini olish maqsadida avtosalonga murojaat qilgan iste’molchiga pulni qaytarib berish ishlari paysalga solinadi. O‘z say’-harakatlari ijobiy natija bermayotganligini ko‘rgan iste’molchi bu haqda Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparatiga shikoyat bilan murojaat qiladi.
Murojaat qabul qilib olingach, shahar jamiyati mutaxassislari avtosalon rahbari va mas’ullariga amaldagi iste’molchilaring huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari, ularga ko‘ra iste’molchi huquqi buzilgan holatlarda bunga yo‘l qo‘ygan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi)larga nisbatan kelib chiqadigan huquqiy va moliyaviy javobgarlik masalalari yuzasidan tushuntirishlar berganlaridan so‘ng, avtosalon iste’molchining bank kartasiga 1 067 000 (bir million oltmish yetti ming) so‘m mablag‘ni qaytarib berishiga erishildi.
Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
(illyustrativ foto)
Post Comment